“Associated Press of Pakistan” AA: I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentiga murojaat yo‘lladi

Iyul 14, 2026. 10:30 • 2 daq

93
“Associated Press of Pakistan” AA: I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentiga murojaat yo‘lladi

ISLOMOBOD, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Associated Press of Pakistan” axborot agentligida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada shu yilning 7–11-iyul kunlari O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha birinchi xalqaro forum bo‘lib o‘tgani, anjuman yakunida forum ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga murojaat yo‘llagani taʼkidlangan.

Qayd etilganidek, murojaatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan ushbu forum nafaqat nufuzli ilmiy anjuman, balki insoniyatning umumiy maʼnaviy va intellektual merosini asrashga qaratilgan global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan tarixiy voqea sifatida baholangan.

Murojaatda forumning Toshkent, Samarqand va Termiz kabi buyuk sivilizatsiya markazlarida o‘tkazilgani chuqur ramziy ahamiyatga ega ekani qayd etilib, aynan shu zaminda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yetishib chiqqanligi alohida taʼkidlangan.

“Forum ishtirokchilari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida eʼtirof etdi. Ular mazkur markaz kelgusida jahonning yetakchi olimlarini birlashtiruvchi yirik xalqaro ilmiy-maʼrifiy maskanga aylanishiga ishonch bildirdi”, — deya fikr yuritilgan materialda.

Maqolada yozilganidek, O‘zbekistonda tarixiy merosni asrash, fundamental ilm-fanni rivojlantirish va sivilizatsiyalar muloqotini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yuksak baholangan.

Xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasi faoliyati ushbu siyosatning yorqin namunasi sifatida qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish