O‘zbekiston madaniy merosi Tailand OAVda eʼtirof etildi
Aprel 21, 2026. 11:05 • 2 daq
• 115
BANGKOK, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. Tailand Ipakchilik departamentining sobiq maslahatchisi Tanyalak Prommanining “Baxt nazariyasi: baxt inʼomi... axloq bilan uyg‘unlashgan donishmandlik” sarlavhali maqolasi “BangkokBizNews” onlayn nashrida eʼlon qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Unda muallif O‘zbekiston haqidagi ijobiy fikrlarga to‘xtalib, 2026-yil 9-aprel kuni Tailand Milliy kutubxonasida o‘tkazilgan ilmiy-maʼrifiy tadbir haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.
Maqolada, shuningdek, 1905-yil 12-oktyabrda tashkil etilgan va 121 yildan buyon mamlakatning qimmatli axborot resurslarini to‘plash, saqlash hamda ulardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish bilan shug‘ullanib kelayotgan Tailand Qirolligi Milliy kutubxonasi haqida maʼlumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 9-aprel kuni O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi Tailand Milliy kutubxonasiga 74 jildlik ensiklopediyalar to‘plamini topshirgan edi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumi mamlakat tarixi va madaniy boyligi haqidagi qimmatli materiallarni o‘z ichiga oladi. Kitoblarning taqdim etilishi O‘zbekiston va Tailand xalqlari o‘rtasidagi madaniy almashinuvni rivojlantirish hamda o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, materialda O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona vodiysi singari har biri o‘ziga xos tarixiy va iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan hududlari haqida ham maʼlumot beriladi.
Maqola so‘ngida muallif kitobning xalqaro munosabatlar vositasi sifatida tanlanishi madaniy diplomatiya, donishmandlik, milliy o‘ziga xoslik va maʼnaviy qadriyatlarni aks ettirishini taʼkidlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi