Pokiston Prezidenti O‘zbekiston elchisini qabul qildi
Aprel 17, 2026. 10:55 • 3 daq
• 17
ISLOMOBOD, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayevni qabul qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot avvalida Pokiston Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.
Joriy yil fevral oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan oliy darajadagi davlat tashrifi hamda ikki davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, uni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani alohida taʼkidlandi.
Prezident Asif Ali Zardoriy O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘zining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazishni so‘radi.
Turli darajalardagi aloqalar ancha faollashgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Jumladan, so‘nggi vaqtlarda turli darajadagi aloqalar, jumladan parlamentlararo va hududlararo hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Tomonlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatlarimiz munosabatlarni, eng avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish uchun ulkan salohiyatga ega.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, o‘zaro savdo hajmini oshirish maqsadida uni diversifikatsiya qilish, bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda savdoni yengillashtirish mexanizmlarini joriy etish muhimligi taʼkidlandi. Biznes-tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ustuvor tarmoqlarga investitsiyalar jalb etish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishda transport va kommunikatsiya aloqalarining hal qiluvchi ahamiyati qayd etildi. Shuningdek, tomonlar Pokistonning Gvadar porti va Karachi porti orqali O‘zbekiston yuklarini jahon bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Pokiston Prezidenti Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Umumiy transport va iqtisodiy maqsadlarga erishish uchun mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash muhimligi alohida urg‘ulandi.
O‘z navbatida, diplomat samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston tomoni Pokiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda yanada kengaytirish va mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratayotganini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida barcha imkoniyatlar safarbar etilishi qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi