“Reiseblick”: Toshkentdagi tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan mega-loyiha dunyoni hayratga solmoqda
Aprel 13, 2026. 16:55 • 2 daq
• 157
BERLIN, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning yetakchi “Reiseblick” onlayn nashrida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat qadimiy bilimlar xazinasi, balki ta’limni rivojlantirish, dinlararo muloqot va ma’rifat orqali ekstremizmga qarshi kurashish yo‘lidagi xalqaro maydon bo‘lishga xizmat qiladi.
Maqola muallifi, jurnalist Fred Xafner Islom sivilizatsiyasi markazi me’morchiligini milliy an’analar va zamonaviy muhandislik yechimlarining uyg‘unlashgan namunasi sifatida ta’riflaydi. 10 gektar maydonda joylashgan, maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi ushbu mahobatli majmua sharqona me’morchilik muhitini qayta jonlantirgan. Oxirgi bir yil davomida muzey fondi faol boyitilib, 1,5 mingdan ortiq yangi eksponatlar, jumladan, nodir qo‘lyozmalar va arxeologik topilmalar bilan to‘ldirildi. Xorijiy kolleksionerlar bilan hamkorlik natijasida 743 ta asl artefakt O‘zbekistonga qaytarildi.
Majmuaning yuragi hisoblangan Qur’oni Karim zali muallifda alohida hayrat uyg‘otgan. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy oltita qo‘lyozmadan biri – Hazrati Usmon Qur’oni saqlanmoqda. Zalning ulug‘vorligini 50 tonnalik “Swarovski” qandili va tabiiy marmardan ishlangan mozaikalar yanada bo‘rttirib ko‘rsatadi. Jurnalist me’moriy detallardagi ramziy ma’nolarga to‘xtalar ekan, binoning 34 metr balandlikdagi portallaridan biri Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Mirzo Ulug‘bek madrasasi portalining aniq nusxasi ekanini qayd etadi.
Nashrning eslatishicha, ushbu markazni tashkil etish tashabbusi ilk bor O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan va butun islom olamida keng e’tirof etilgan.
Maqola yakunida Fred Xafner respublikaning turistik jozibadorligi ortib borayotganiga doir raqamlarni keltiradi. Qayd etilishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 12 millionga yaqin xorijiy sayyohni qabul qilgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan 16 foizga ko‘pdir. Turizm xizmatlari eksporti esa 4,8 milliard dollarni tashkil etgan.
Nemis jurnalistining fikricha, Islom sivilizatsiyasi markazi kabi obyektlarning barpo etilishi O‘zbekistonni jahon sayyohlik xaritasidagi eng istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardan biriga aylantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi