Andijon 2026-yilda “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilindi
Aprel 17, 2026. 12:08 • 3 daq
• 2ANQARA, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. 2026-yilda Andijon shahrining “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilinishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy olam uchun muhim madaniy voqea sifatida namoyon bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu nufuzli maqom doirasida Anqara shahrida o‘tkazilgan Andijon madaniyati taqdimoti o‘zbekona madaniy diplomatiyaning yorqin namunasi bo‘ldi.
Tadbir TURKSOY Bosh kotibiyati, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda yurtimizning Turkiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda turkiy dunyo vakillari, siyosatchilar, madaniyat va sanʼat arboblari, diplomatik korpus va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Marosim avvalida namoyish etilgan videoroliklarda Andijonning boy tarixi, milliy madaniyatimiz rivojidagi o‘rni va so‘nggi yillardagi ijobiy o‘zgarishlar yoritildi. Xususan, hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, turizm va madaniy hayotning jadal rivojlanishi alohida taʼkidlandi. Bu jarayonlar Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan davlat siyosati bilan uzviy bog‘liq ekani qayd etildi.
Tadbir davomida “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” logotipi taqdim etildi. Ishtirokchilar mazkur maqomning mazmun-mohiyati, uning turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev Andijon nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning yirik madaniy markazlaridan biri ekanini taʼkidladi. Uning taʼkidlashicha, Andijonda sanoat, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalar qatorida madaniyat va sanʼat sohasida ham ulkan ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
O‘z navbatida, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Andijonni ilm-fan, sanʼat va davlatchilik anʼanalari mujassamlashgan qadimiy diyor sifatida taʼrifladi. U, ayniqsa, shaharning Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk tarixiy shaxslar vatani ekanini alohida qayd etib, bu zaminning jahon tarixidagi o‘rni beqiyos ekanini eʼtirof etdi.
Tadbirda so‘z olgan mahalliy vakillar ham Andijonning ushbu maqomga munosib ekanini, bu esa viloyat ahli uchun katta g‘urur va masʼuliyat yuklashi haqida fikr bildirdi. “Madaniyat poytaxti” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar orqali nafaqat Andijon, balki butun O‘zbekistonning boy anʼana va qadriyatlari jahon miqyosida keng targ‘ib qilinishi kutilmoqda.
Marosimning amaliy qismi ham juda mazmunli bo‘ldi. Tashrif buyurgan mehmonlar uchun Andijonning amaliy sanʼati va madaniy merosini aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Unda kashtachilik, misgarlik, pichoqsozlik va kulolchilik namunasidagi buyumlar namoyish etildi. Bu ekspozitsiyalar Andijon hunarmandchiligining boy anʼanalari va yuqori badiiy saviyasini yaqqol namoyon qildi.
Shuningdek, tadbir konsert dasturi bilan davom etdi. Andijonlik sanʼatkorlar ijrosidagi milliy qo‘shiq va raqslar ishtirokchilarga unutilmas taassurot bag‘ishladi. Milliy anʼanalarga muvofiq mehmonlarga o‘zbekona mehmondo‘stlik ramzi sifatida palov tortiq qilinishi esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh baxsh etdi.
Umuman olganda, Anqarada tashkil etilgan mazkur madaniy tadbir Andijonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, turkiy dunyo xalqlari o‘rtasidagi madaniy hamjihatlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu kabi tashabbuslar nafaqat madaniy aloqalarni rivojlantiradi, balki umumiy tarix, qadriyat va anʼanalarni asrab-avaylash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



