Misr OAV: Imom al-Buxoriy asari shunchaki hadislar to‘plami emas, balki muhim ilmiy metodika namunasidir
Iyul 10, 2026. 21:00 • 2 daq
• 64QOHIRA, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-Axram”, “Dar al-Hilol”, “Dar al-Maarif”, “Roz al-Yusuf” kabi yetakchi axborot agentliklari Misr delegatsiyasining Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumidagi ishtirokini keng yoritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan “Termiz hadisshunoslik maktabi” IV xalqaro anjumanida Misr vaqflar vaziri Usoma al-Azhariy O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va ommalashtirish borasidagi tashabbuslarini yuqori baholadi. Shuningdek, u Termizni islom ilmi tarqalishining eng muhim tarixiy markazlaridan biri ekanini taʼkidladi.
Ayni paytda, Samarqanddagi “Sahihi Buxoriy – ummat kitobi” anjumanida Misr bosh muftiysi Nazir Ayyad Imom al-Buxoriyning asarini shunchaki hadislar to‘plami emas, balki muhim ilmiy metodika namunasi sifatida eʼtirof etdi.
O‘z navbatida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov mazkur nufuzli forumning tarixiy voqea ekanini qayd etib, ushbu tadbirda 50 dan ortiq mamlakatdan 450 nafardan ziyod delegat ishtirok etayotganini maʼlum qildi.
Ushbu xalqaro forumda media hamkorlar qatorida “CNN”, “Euronews” kabi nufuzli telekanallarning ishtirok etayotgani tadbirga xalqaro qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


