“The World News”: 2026-yilda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida eksport hajmini 3,3 milliard dollarga yetkazmoqchi
Dekabr 24, 2025. 18:17 • 3 daq
• 2461
ISLOMOBOD, 26-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “The World News” elektron nashri Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni to‘qimachilik sanoatida 2025-yil yakunlari hamda kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida yozdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanganidek, taqdimotda joriy yilda tarmoqda erishilgan natijalar, ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sish dinamikasi, shuningdek, 2026 yilga mo‘ljallangan maqsadli rejalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, 2025-yilda to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 134 trillion so‘mni tashkil etgan. Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish 2,1 milliard dollarga yetgan. Eksport hajmi esa 2,5 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish taʼminlangan. Tarmoqda band aholi soni 623 ming nafarga yetgani, kelgusi yilda ushbu ko‘rsatkichni 650 ming nafargacha oshirish imkoniyati mavjudligi taʼkidlandi.
2026-yilda paxta xomashyosini qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish hamda gazlama, trikotaj va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. Mahsulot ishlab chiqarish hajmini 147 trillion so‘mga, eksportni esa 3,3 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
“Tarmoqqa 2,2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish reja qilingan. Buning evaziga 207 ming tonnalik sintetik, aralash ip, 397 million kvadrat metrlik gazlama, 224 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda 108 million kvadrat metr mato bo‘yash bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlar barpo etiladi”, – deyiladi maqolada.
Pokiston OAV qayd etganidek, yig‘ilishda tarmoqni barqaror rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim omillarga eʼtibor qaratildi. Xususan, paxta tolasiga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanayotgani, moliyaviy resurslar qiymatining yuqoriligi, tashqi bozorlarda logistika xarajatlari ortishi va ayrim yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar yetishmasligi soha oldida turgan dolzarb vazifalar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
“Ushbu muammolarni hal etish maqsadida 2026-yil uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, korxonalarga aylanma mablag‘ uchun 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish, 138 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish, 100 ta yangi korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi. “Better Work”, “BCI”, “FWF”, “Organic EU” kabi dasturlar 60 ta korxonada tatbiq etiladi», – deb maʼlum qilingan materialda.
“O‘zbekiston Prezidenti taqdim etilgan yondashuvlarni maʼqullab, tarmoqda tayyor mahsulot ulushini izchil oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, investitsiya va eksport salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha masʼullar oldiga aniq vazifalarni qo‘ydi”, – deyiladi “The World News” maqolasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi