Istanbulda vatandoshlar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi

Sentabr 08, 2026. 14:00 • 2 daq

55
Istanbulda vatandoshlar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi
Istanbulda vatandoshlar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi
Istanbulda vatandoshlar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi
Istanbulda vatandoshlar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi

ISTANBUL, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan ushbu hududdagi vatandoshlar ishtirokida qator uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirlarda yurtimizdan tashrif buyurgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Obidxon Ikromov va Odiljon Jabborov ham ishtirok etdi.

Istanbuldagi oliy taʼlim muassasalarining ilohiyot va islom ilmlari yo‘nalishlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda taʼlim jarayoni, turmush tarzi va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishildi, kundalik hayotda duch kelayotgan muammo va ehtiyojlari o‘rganildi.

Maʼruzachilar tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlar eʼtirof etildi. Jumladan, diniy taʼlim tizimini takomillashtirish, islom ilmlarini chuqur o‘rganish va malakali kadrlar tayyorlash borasidagi islohotlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Arnavutko‘y tumanida “Kalyon” kompaniyasida ishlayotgan 150 nafar vatandoshimiz bilan uchrashuvda ularning mehnat sharoitlari, ish haqi va ijtimoiy masalalari xususida fikr almashildi, oilalari bilan bog‘liq ehtiyojlari o‘rganildi.

Bashakshehir tumanidagi konsullik sayyor qabulida Turkiyada istiqomat qilib kelayotgan vatandoshlarimizning kerakli hujjatlarini rasmiylashtirish, fuqarolik holati dalolatnomalari, pasport va boshqa konsullik masalalari bo‘yicha murojaatlari qabul qilinib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Uchrashuvlarda mustaqillikning 35 yili mobaynida mamlakatimizda erishilgan yutuqlar, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar va chet eldagi vatandoshlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Muloqotlar davomida milliy o‘zlikni saqlash, o‘zbek tili va madaniyatini targ‘ib qilish, vatandoshlarimiz o‘rtasida madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish