O‘zbekiston Orol dengizining qurib qolgan qismini o‘rmonga aylantiradi

MADRID, 11-may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning nufuzli “OkDiario” nashrida “O‘zbekistonda yirik loyiha boshlanmoqda: Orol dengizining qurib qolgan qismi o‘rmonga aylantiriladi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ispan nashrining yozishicha, hozirgi kunda O‘zbekiston hukumati jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Orol dengizi joylashgan hududni qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ekologik dasturni amalga oshirmoqda. Ilgari dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘llardan biri bo‘lgan ushbu suv havzasi bugungi kunda qurib qolgan, sho‘rlangan va ekologik jihatdan o‘ta zaif tekislikka aylangan.
Biroq O‘zbekiston hukumati va ilmiy jamoalar hamkorligida mintaqaning ekotizimini bosqichma-bosqich tiklash hamda sobiq dengiz tubining millionlab gektar maydonida o‘rmonlar barpo etishga qaratilgan misli ko‘rilmagan loyiha amalga oshirilmoqda.
Ushbu hududdagi ekologik inqiroz 1960-yillarda, sovet davridagi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish siyosati doirasida Sirdaryo va Amudaryo suvlarining paxta dalalarini sug‘orishga yo‘naltirilishi oqibatida boshlangan. Bu qaror Orol dengizi suvi tez suratlarda kamayishiga olib kelib, XX asrning eng yirik ekologik fojialaridan biriga aylandi.
Natijada, Orol dengizidagi suv hajmi deyarli 90 foizga qisqardi va boy ekotizimga ega bo‘lgan hudud qaqroq cho‘lga aylandi. Suv chekingan joylarda yangi cho‘l – Orolqum shakllanib, uning maydoni qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishlari sababli kengayib bormoqda.
Mo‘ynoq ushbu ekologik halokatning eng yaqqol timsollaridan biriga aylangan. Ilgari yirik port shahar bo‘lgan bu hudud hozir suvdan o‘nlab kilometrlar uzoqda joylashgan bo‘lib, qumda qolgan kema qoldiqlari o‘tmishni eslatib turadi.
Muallifning ta’kidlashicha, Orolda suv yo‘qolgandan keyin qolgan tuproq qatlamlari yuqori darajada sho‘rlangan, pestitsidlar va mineral o‘g‘itlar qoldiqlari bilan ifloslangan. Kuchli shamollar zararli sho‘r va chang aralashmasini uzoq masofalarga tarqatib, aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda hamda qishloq xo‘jaligi yerlariga zarar yetkazmoqda.
Ko‘lning yo‘qolishi mintaqaviy iqlimni ham sezilarli darajada o‘zgartirdi: yozlar yanada issiq va qurg‘oq, qishlar esa sovuq va uzoq bo‘lib qoldi.
Ushbu ekologik oqibatlarni bartaraf etish maqsadida mamlakatda davlat, ilmiy va jamoat darajasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri – Qoraqalpoq davlat universiteti talabalarining sobiq dengiz tubini ko‘kalamzorlashtirish dasturida ishtirok etishidir. Loyiha 1 million gektargacha bo‘lgan hududda daraxt ekishni nazarda tutadi.
Bu sa’y-harakatlar sho‘rlangan tuproqni mustahkamlash, qum va zararli chang tarqalishini kamaytirish hamda zararli moddalarning shamol orqali aholi punktlariga yetkazilishini cheklashga xizmat qiladi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi mutaxassislarining qayd etishicha, o‘rmon tiklash hozirgi kunda yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi eng samarali usullardan biri hisoblanadi.
Bu tashabbuslar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – zarar ko‘rgan hududlarni barqaror ekologik makonga aylantirish, biologik xilma-xillikni tiklash va mahalliy iqlim o‘zgarishlarini yumshatishdir.
Maqolada bayon etilishicha, ekologik loyihaning ko‘lami kengayib bormoqda. Taxminlarga ko‘ra, O‘zbekiston Orol dengizining qurib qolgan tubida 2 million gektardan ortiq hududda o‘rmon tiklash dasturini amalga oshirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, yashil zonalar barpo etish Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatish, chang bo‘ronlarini kamaytirish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu tashabbus xalqaro ekologik hamkorlikni ham rivojlantirmoqda. O‘zbekiston mintaqaviy va xalqaro iqlim forumlarida qurg‘oqchil hududlarda o‘rmon tiklash tajribasini boshqa davlatlar bilan bo‘lishmoqda.
Qozog‘iston bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ikki davlat Orol dengizining shimoliy qismini tiklash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar ekotizimni barqarorlashtirish, ekologik vaziyatni yaxshilash va Orol havzasidagi millionlab aholi uchun barqaror kelajak yaratishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




