Polsha Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi logistikada o‘z rolini kuchaytirishdan manfaatdor.
May 11, 2026. 10:00 • 2 daq
• 178
VARSHAVA, 11-may. /“Dunyo” AA/. Polshaning nufuzli “SUPER Express” elektron portalida Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-logistika sohasidagi hamkorligiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, muhokama qilinayotgan istiqbolli yo‘nalishlardan biri Mazoves voyevodaligi hamda Toshkent viloyatida o‘zaro bog‘langan taqsimot markazlarini tashkil etish hisoblanadi. Bunday yondashuv Markaziy Osiyodan Yevropa Ittifoqiga tovarlar eksport jarayonlarini soddalashtirishi, shuningdek, Polshaning logistika va taqsimot markazi sifatidagi o‘rnini yana-da mustahkamlashi kutilmoqda.
Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyoti ham yuqori o‘sish surʼatlarini saqlab qolayotgani alohida qayd etilgan. O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Amirsaid Aʼzamxo‘jayevning taʼkidlashicha, mamlakat nafaqat global chaqiriqlarga moslasha olgan, balki transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratish orqali iqtisodiyotning tashqi xatarlarga bardoshliligini ham mustahkamlagan.
2024-yilning birinchi choragida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi jadal rivojlanish hisobiga O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,2 foizga o‘sgan. Bunday sharoitda eksport salohiyatini yana-da oshirish va tashqi bozorlarga barqaror chiqishni taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, taqsimot markazlariga investitsiya kiritish va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish zarurligiga alohida urg‘u berilgan. Muallif fikricha, bu iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilib, hamkorlikning barcha ishtirokchilari uchun sezilarli manfaat keltirishi mumkin.
“Yangi savdo yo‘llarining shakllanishi Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari, jumladan, Polsha o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi”, deya xulosa qiladi “SUPER Express”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




