YUNYESKOda Samarqandda o‘tkazilgan 43-sessiya yuksak baholandi
Mart 21, 2026. 09:10 • 2 daq
• 181
PARIJ, 21-mart. /“Dunyo” AA/. YUNYESKO bosh qarorgohida 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Bosh konferensiyaning
43-sessiyasini tashkiliy jihatdan baholashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir doirasida taqdim etilgan hisobotda O‘zbekiston tomonidan konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy delegatlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Ekspertlar tomonidan mazkur xalqaro sessiya ishtirokchilariga tashkiliy jihatdan yuksak darajada ko‘mak ko‘rsatilgani alohida ta’kidlandi.
Ushbu konferensiyani munosib darajada tashkil etish uchun zarur infratuzilma va zamonaviy texnik vositalar to‘liq ta’minlangani, sessiya dasturi va tarjima xizmatlari belgilangan xalqaro talablar asosida yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Yig‘ilishda konferensiyaning xalqaro ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga xizmat qilgani ta’kidlandi. O‘zbekistonning YUNYESKOdagi vakolatxonasi tomonidan konferensiyaning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi a’zo-davlatlar va Kotibiyat o‘rtasidagi samarali hamkorlikning amaliy natijasi ekani qayd etildi.
Uchrashuvda qator davlatlarning YUNYESKOdagi doimiy vakolatxonalari vakillari so‘zga chiqib, yurtimizning konferensiyani yuqori darajada tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholadi. Shuningdek, ular ishtirokchilarga ko‘rsatilgan xizmatlar sifati va an’anaviy mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi