O‘zbekistonning mashhur shirinliklari ispan nashrida e’tirof etildi
Mart 19, 2026. 10:51 • 2 daq
• 144
MADRID, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning nufuzli “El Diario” nashri “Osiyoda shirinliklardan voz kechilmaydi: O‘zbekistonning eng mashhur 5 ta shirinligi” sarlavhali maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbek milliy shirinliklariga bag‘ishlangan ushbu qiziqarli maqolada yozilishicha, Yevropa pishiriqlari ko‘pincha nafislik va murakkab texnologiyasi bilan ajralib tursa, Osiyo, xususan, O‘zbekiston shirinliklari tabiiyligi, takrorlanmas ta’mi bilan o‘ziga xosdir. Qadimdan Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekistonda turli xalqlar an’analari uyg‘unlashib, o‘ziga xos boy pazandalik maktabi shakllangan.
Muallif ta’kidlashicha, o‘zbek shirinliklari shunchaki desert emas, balki mehmondo‘stlik, oilaviy an’analar va milliy qadriyatlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Ayniqsa, choy atrofidagi suhbatlar, bayramlar va marosimlarda shirinliklar alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, har bir shirinlik ortida nafaqat ta’m, balki muayyan tarix va ramziy ma’no mujassam.
Maqolada O‘zbekistonda keng tarqalgan beshta mashhur shirinlik haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, chak-chak Markaziy Osiyoning eng ommalashgan shirinliklaridan biri sifatida tilga olingan. U qovurilgan xamir bo‘laklarini asal bilan aralashtirish orqali tayyorlanib, ko‘pincha to‘y va bayramlarda dasturxon ko‘rkiga aylanadi.
Shuningdek, holva shirinligining o‘zgacha mazasi haqida ham ma’lumot keltirilgan. Qovurilgan un, sariyog‘ va shakar asosida tayyorlanadigan bu shirinlikka ko‘pincha yong‘oq qo‘shilib, uning ta’mi yanada boyitiladi. Bu taomni nafaqat bayramlarda, balki kundalik hayotda ham uchratish mumkin.
An’anaviy va mavsumiy shirinliklardan yana biri nisholda. bu taom, asosan, Ramazon oyida ko‘pirtirilgan tuxum oqi va shakar qo‘shib tayyorlanadi.
Maqolada parvardahaqida ham ma’lumot berilgan. Qaynatilgan shakardan tayyorlanadigan bu mayda konfetlar limon yoki ziravorlar bilan xushbo‘ylantirilib, odatda choy bilan iste’mol qilinadi.
Yana bir mashhur shirinlik novvot bo‘lib, u karamelizatsiyalangan shakar kristallaridan iborat bo‘ladi. Novvot nafaqat shirinlik, balki choy ichish madaniyatining ajralmas qismi sifatida qadrlanadi.
O‘zbek shirinliklari nafaqat o‘zining betakror ta’mi, balki ko‘p asrlik tarixiy ildizlari, madaniy ahamiyati va insoniy munosabatlarni mustahkamlashdagi o‘rni bilan ham dunyo ahlini hayratga solmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi