Navro‘z kunlari hataylik Turkiya fuqarolari delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Mart 19, 2026. 20:08 • 2 daq
• 146
ANQARA, 20-mart. /“Dunyo” AA/. Shu yilning 20–24-mart kunlari Hatay viloyatidan Turkiya fuqarolari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tashrif O‘zbekiston Prezidentining Navro‘z bayrami munosabati bilan ilgari surilgan va 2026-yil 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi doirasida bildirilgan tashabbusiga muvofiq tashkil etilmoqda.
Taʼkidlanishicha, tashabbus Turkiya axborot makonida keng aks-sado bergan. “Haberler”, “Ensondakika”, “İlkhaber Gazetesi”, “Sondakika” kabi yetakchi ommaviy axborot vositalari, shuningdek, “Ülke TV” va “Bengü Türk” telekanallari bo‘lajak tashrifni faol yoritmoqda.
Xususan, Hatay viloyati gubernatori Mustafo Masatli va viloyat aholisining tashakkurnomasi eʼlon qilinib, unda O‘zbekiston tomoniga taklif uchun minnatdorlik bildirilgan.
Maʼlum qilinishicha, delegatsiya tarkibidan Turkiya ommaviy axborot vositalari vakillari ham o‘rin olgan bo‘lib, ular tashrifning borishi va O‘zbekistonda Navro‘z bayrami doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida Turkiya jamoatchiligini muntazam ravishda xabardor qilib boradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi