Logo

Vengriyadan munosabat: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari iqtisodiy, investitsiyaviy va siyosiy sohalarda jadal rivojlanmoqda

Dekabr 18, 2025. 10:29 • 4 daq

175
Vengriyadan munosabat: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari iqtisodiy, investitsiyaviy va siyosiy sohalarda jadal rivojlanmoqda

BUDAPESHT, 18-dekabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning nufuzli “Hello Magyar” yangiliklar saytida xalqaro ekspert Alpar Katoning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga bo‘lajak rasmiy tashrifi yuzasidan yozgan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda taʼkidlanishicha, dekabr oyida Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti tashkil etiladi. Unda mintaqaning besh davlat rahbarlari ishtirok etadi. Ushbu nufuzli uchrashuv Yaponiyaning so‘nggi yillarda Rossiya, Xitoy va AQShda o‘z diplomatik saʼy-harakatlarini faollashtirgan, geosiyosiy va iqtisodiy jihatdan tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida faolroq ishtirok etishga intilishini yaqqol ko‘rsatadi.

“Sammitni o‘tkazish vaqti tasodifan tanlanmagan. Tokioning maqsadi energiya resurslariga boy mintaqa bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, shu bilan birga iqtisodiy xavfsizlikni oshirish va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikka hissa qo‘shishdir. Yaponiya tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan uzoq muddatli va muvozanatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, katta kuchlar raqobatining ochiq shakllaridan qochish istagi tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda”, – deya fikr bildirgan Alpar Kato.

Bu jarayonda O‘zbekiston alohida ahamiyatga ega. Mintaqaning aholisi eng ko‘p va asosiy transport-logistika markazlaridan biri bo‘lgan mamlakat mintaqaviy hamkorlikda muhim o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi yillardagi islohotlari xorijiy investitsiyalar va strategik sheriklik uchun yo‘l ochdi, buning natijasida Toshkent Yaponiya uchun ham muhim hamkor bo‘lib qolmoqda.

Maqolada qayd etilishicha, Prezident Mirziyoyevning 2025-yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi hamda Markaziy Osiyo–Yaponiya sammitida ishtirok etishi ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichini boshlaydi. Tashrif protokol doirasidan chiqib, aniq iqtisodiy, infratuzilmaviy va texnologik kelishuvlar bilan birga amalga oshirilishi kutilmoqda. Muhokamaning asosiy yo‘nalishlari, energetika, sog‘liqni saqlash, “yashil” iqtisodiyot, Yaponiya moliyaviy va ekspert ko‘magida raqamlashtirish va taʼlimni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Yaponiya hamkorlikka pragmatik yondashuvni namoyish etmoqda: Tokio birinchi navbatda zamonaviy texnologiyalar, foydali moliyalashtirish va siyosiy sharoitlar bilan bog‘liq, bosimsiz uzoq muddatli rivojlanish dasturlarini taklif qilmoqda. Ushbu model tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilishga intilayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jozibador muqobil hisoblanadi.

“So‘nggi yigirma yil ichida Markaziy Osiyo – Yaponiya muloqoti asta-sekin institutsionallashdi va hozirda mintaqaviy masalalarni muhokama qilish uchun barqaror platformani yaratmoqda. Tokio sammitidan ko‘zlangan maqsad ushbu formatni amaliy mazmun bilan boyitish, bunda infratuzilma, transport yo‘laklari va energiya samaradorligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratishdan iborat. Yaponiya taraqqiyot institutlari mintaqani modernizatsiya qilishda doim faol bo‘lgan va kelajakda ham bu faollikni oshirish niyatida”, – deya bayon etilgan nashrda.

Keyingi yillarda Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar “strategik sheriklik” yo‘nalishida, eng avvalo, iqtisodiy, investitsiyaviy va siyosiy sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, so‘nggi paytlarda oliy darajadagi muloqot va maslahat uchrashuvlar ko‘paydi.

Jumladan, 2025-yil avgust oyida Toshkentda Yaponiya va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlarining birinchi strategik muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv siyosiy maslahatlashuvlarni muvofiqlashtirdi va Yaponiyaning Markaziy Osiyo siyosatidagi rolini mustahkamladi.

So‘nggi o‘n yil ichida Yaponiya ko‘p milliard dollarlik rivojlanish va kredit dasturlarini amalga oshirdi. Sanoat va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishda O‘zbekistonning muhim hamkorlaridan biriga aylandi. 2024-yilning yanvar–may oylarida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 188,2 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bir yarim baravardan ko‘proqdir. Bundan tashqari, O‘zbekistonda bir necha o‘nlab yapon–o‘zbek qo‘shma korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Munosabatlar faqat iqtisodiy sohada rivojlanayotgani yo‘q. Yaponiya ko‘magida Toshkentdagi “Raqamli universitet” loyihasi kabi qo‘shma taʼlim dasturlari faoliyat yuritib, ilmiy va madaniy almashinuvlar rivojlanmoqda. Ikki davlat gumanitar aloqalar, taʼlim va turizmni rivojlantirish muhimligini tan oladi, bu esa uzoq muddatli istiqbolda siyosiy-iqtisodiy hamkorlikni barqarorlashtiradi.

“Prezident Mirziyoyevning Yaponiyaga bo‘lajak tashrifi va C5+1 sammitidagi ishtiroki O‘zbekiston va Markaziy Osiyoni uzoq muddatli strategik sherik sifatida ko‘rsatadi. Ushbu sheriklikni chuqurlashtirish nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga, balki Markaziy Osiyoning global geosiyosiy maydonda yanada muvozanatli ishtirokchiga aylanishiga xizmat qiladi”, – deydi xalqaro ekspert.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish