1-sentyabr kuni O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Dehlidagi Qutb Minor yodgorligi mamlakatimiz davlat bayrog‘i ranglari bilan yoritildi
Sentabr 02, 2026. 15:00 • 3 daq
• 12
DEHLI, 2-sentyabr. / “Dunyo” AA/. 1-sentyabr kuni - qutlug‘ ayyom O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Dehli shahridagi qadimiy meʼmorchilik obidasi 73 metrlik Qutb-Minor yodgorligi mamlakatimiz davlat bayrog‘i ranglari bilan yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hindiston 1991-yil 26-dekabrda O‘zbekiston davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. 1992-yil 18-martda Toshkentda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Protokol imzolangan.
O‘tgan davr mobaynida ikki davlat va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda ushbu aloqalar o‘zgacha dinamika kasb etdi, strategik sheriklik munosabatlarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ikki tomonlama hamkorlik siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar, innovatsiyalar, taʼlim, madaniyat hamda boshqa bir qator muhim sohalarni qamrab olgan holda jadal kengayib bormoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirgani ramziy maʼnoga egadir.
Oliy darajada bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, o‘zaro yuksak hurmat va ishonchning yana bir yorqin ifodasiga aylandi.
Ushbu tashrif tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi. Shubhasiz, u o‘zbek-hindiston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab beradi va barcha ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Asosiy eʼtibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. O‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 33 foizga oshib, 1,3 milliard dollarga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilga borib 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Tashrif doirasida asosiy qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi. Hindistonning bir qator yirik kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar davomida energetika, muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi o‘sish nuqtalari belgilab olindi.
Bu yil bayram alohida tantana bilan nishonlanmoqda. Hindistonning eng eʼtiborli meʼmoriy yodgorliklaridan biri bo‘lgan Qutb-Minorning O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglari bilan yoritilishi hind xalqining do‘st va birodar o‘zbek xalqiga bo‘lgan chuqur hurmat-ehtiromining yorqin namoyishi hamda o‘ziga xos bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Qutb-Minor majmuasini qurish 1193-yilda Dehli sultonligi asoschisi Qutbiddin Oybekning buyrug‘i bilan boshlangan va XIV asrda yakunlangan. Balandligi 72,6 metr bo‘lgan ushbu inshoot dunyodagi eng baland g‘ishtli minara hisoblanadi.
1993-yilda u YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi