Logo

2026-yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb eʼlon qilindi

Aprel 17, 2026. 09:03 • 4 daq

12
2026-yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb eʼlon qilindi

TOSHKENT, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-aprel kuni Toshkent shahri iqtisodiyotida yuqori o‘sish surʼatlarini taʼminlash, mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yig‘ilishda bugungi kunda jahondagi siyosiy va harbiy ziddiyatlar, tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar eksport zanjirlari va mahsulot yetkazib berish muddatlariga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligi taʼkidlandi. Bunday sharoitda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlab, ularni tezkor ishga solish ustuvor vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Poytaxt milliy iqtisodiyotda alohida o‘rin tutishi qayd etildi. Bugungi kunda Toshkent shahri yalpi ichki mahsulotning 21 foizini taʼminlamoqda. Joriy yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb eʼlon qilinib, shahar iqtisodiyotini 12 foizga oshirish, 3,6 milliard dollarlik eksportni taʼminlash, 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini taʼminlash kabi katta marralar belgilangan.

Shu munosabat bilan shahar hokimligi, uning 12 nafar o‘rinbosari va 12 ta tuman hokimi proaktiv ish tashkil qilib, sanoat, eksport, investitsiya va turizm sohalaridagi ehtimoliy pasayishlarning oldini olishi zarurligi taʼkidlandi. Prezidentimiz buning uchun poytaxtda mehnat resurslari ham, moliyaviy imkoniyatlar ham yetarli ekanini taʼkidladi.

Yig‘ilishda joriy yil yangicha yondashuv asosida shaharning 12 ta tumani aniq bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.

Jumladan, Bektemir tumani kimyo sanoati va ulgurji savdoga, Mirzo Ulug‘bek tumani kabel sanoati, ilm-fan, taʼlim va axborot texnologiyalariga, Mirobod tumani oziq-ovqat sanoati, turizm va umumiy ovqatlanishga, Uchtepa zargarlik, maishiy xizmat va chakana savdoga, Chilonzor farmatsevtika, savdo, xizmat ko‘rsatish va sportga, Shayxontohur mebelsozlik va gastroturizmga, Yunusobod qog‘oz sanoati va turizmga, Yashnobod elektrotexnika hamda transport-logistikaga, Yakkasaroy yengil sanoat va moliyaviy xizmatlarga, Yangihayot avtomobilsozlik va logistikaga, Olmazor qurilish materiallari sanoati va taʼlimga, Sergeli esa metallurgiya, logistika va avtoservis sohalariga yo‘naltiriladi.

Toshkent shahrida nostandart takliflar ishlab chiqish maqsadida oxirgi ikki hafta davomida 23 mingdan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani, 1 ming 300 dan ortiq muammo aniqlangani, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan 162 ta yangi taklif va tashabbus bildirilgani maʼlum qilindi. Bu taklif va muammolarning birortasi ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerakligi taʼkidlandi.

Shuningdek, poytaxtda maxsus investitsiya va ishbilarmonlik muhitini joriy qilish orqali yangi tajriba yaratilishi belgilandi. Jumladan, biznes uchun ruxsatnoma va litsenziyalar berish vakolatini tegishli vazirlik va idoralardan ularning hududiy bo‘linmalariga tushirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi yondashuvlarini joriy etish, tadbirkorlarning logistika bilan bog‘liq muammolarini tezkor hal qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, aylanma mablag‘ bilan taʼminlash va biznesni kengaytirish uchun qulay shartlarda yangi moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutilgani qayd etildi.

Tadbirkorlar ko‘targan muammo va takliflarni tezkor hal qilish uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilindi. Uning zimmasiga tumanlarni drayver sohalar asosida rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy konyunkturani doimiy monitoring qilish, o‘sish nuqtalari va foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash, tizimli to‘siqlarni bartaraf etish, g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish, ularni moliyalashtirish va ijrosini nazorat qilish vazifalari yuklanadi.

Umuman, barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, qo‘shimcha 88 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 4,9 milliard dollarlik eksportni taʼminlash va 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, byudjetga 2,9 trillion so‘m tushum taʼminlash, 65,5 mingta yuqori daromadli va doimiy ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha aniqlangan yangi zaxiralarni ishga solish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahriga qo‘shimcha 500 million dollar jalb qilish maqsadida poytaxt yevrobondlarini chiqarish taklif qilindi.

Poytaxt tadbirkorlarini Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lab, mahalliylashtirish va kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha dastur tasdiqlash topshirildi. 

Kelgusida yirik xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda Toshkent shahri iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish