O‘zbekiston Prezidenti raisligida Xotira va qadrlash kunini munosib o‘tkazish, harbiy tayyorgarlik va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi
Aprel 16, 2026. 20:22 • 4 daq
• 183
TOSHKENT, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga bugun harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, avvalo, armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini rivojlantirish, shaxsiy tarkibga yangi tizim asosida taʼlim berish va kasbga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.
Xususan, jangovar shaylik yo‘nalishida qo‘shinlarda majmuaviy strategik va qo‘mondonlik shtab o‘quvlari, yig‘in, dala chiqishlari va o‘quv kurslari tizimli ravishda o‘tkazib kelinayotgani, bunda shaxsiy tarkibda axloqiy-ruhiy, real jangovar vaziyatlarda qo‘rquv va emotsiyalarni boshqarish hamda dadil harakatlana olish kabi muhim jangovar sifatlarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.
Zamonaviy jangovar harakatlar tahlilidan kelib chiqib, barcha o‘quv, trening va mashg‘ulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari o‘zlashtirilayotgani, bo‘linmalarning mobilligini, jangovar imkoniyatlarini va qo‘yilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani yuzasidan axborot berildi.
Har yili mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda sog‘-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yorqin amaliy ifodasidir.
Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotini to‘lash taklif qilindi.
Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam taʼminlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam ko‘rsatiladi.
Ona Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning mardligi va jasoratini targ‘ib qilishga qaratilgan maʼnaviy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkaziladi. Mamlakatimiz bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
Taqdimotda rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, dunyoda yuz berayotgan harbiy mojarolar tahlili urush davridagi safarbarlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, tinchlik davrida harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan ofitserlar zaxirasini shakllantirish va ularni mutaxassisliklar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash dolzarb vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda 4 ta oliy taʼlim va 2 ta oliy harbiy taʼlim muassasasining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazini tashkil etish taklif qilindi.
Shuningdek, davlat oliy taʼlim muassasalarida qo‘shimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat taʼlimi asosida rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.
Bugungi kunda dolzarb bo‘lgan sunʼiy intellekt, dron, robototexnika kabi zamonaviy va tor mutaxassisliklar bo‘yicha ham zaxira ofitserlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari uchun ilg‘or xorijiy armiyalar tajribasi asosida yangi o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi.
Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil 13 yanvar kuni Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mazkur masala ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.
Jumladan, Mudofaa vazirligi ofitserlariga xizmat yillari uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshirish, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul taʼminotini 10 foizga ko‘paytirish taklif qilindi.
Prezidentimiz takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularning ijrosi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini yana-da kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzi va jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi hamda tegishli hujjatlarni imzoladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi