Logo

O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov 80 yoshga to‘ldi

Aprel 15, 2026. 21:40 • 4 daq

219
O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov 80 yoshga to‘ldi

TOSHKENT, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bugun milliy estrada sanʼatining yorqin namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, unda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va sanʼat namoyandalari, ijodkor ziyolilar, “Yalla” ansambli aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zga chiqib, Farrux Zokirovni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy qutladi, unga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va yangi-yangi ijodiy yutuqlar tiladi.

Taʼkidlanganidek, Zokirovlar sulolasi ko‘p yillardan buyon milliy musiqa va qo‘shiqchilik sanʼatimizning rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirov asos solgan sanʼat maktabi, milliy o‘zbek estradasi asoschilaridan biri Botir Zokirovning boy ijodiy merosi xalqimizning ulkan maʼnaviy boyligi sifatida yuksak qadrlanadi.

Butun bir oila va avlodning o‘z umrini sanʼat va madaniyat ravnaqiga bag‘ishlashi dunyoda kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida qayd etildi. Farrux Zokirov ana shu ulug‘ anʼanalarni munosib davom ettirib, milliy estrada sanʼatini yangi bosqichga olib chiqqan sanʼatkor sifatida eʼtirof qilindi.

Tadbirda Farrux Zokirov nafaqat xalqimiz, balki butun Markaziy Osiyo, Hamdo‘stlik mamlakatlari va turkiy ellarning sevimli sanʼatkori ekani taʼkidlandi. Uning O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti degan faxriy unvonlar bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va Ingushetiya xalq artisti degan yuksak unvonlarga sazovor bo‘lgani uning ijodiga berilgan katta baho sifatida qayd etildi.

Bugun Farrux Zokirov deganda “Yalla” ansambli, “Yalla” deganda esa Farrux Zokirov siymosi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Mana 55 yildirki, ushbu mashhur jamoa nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning nufuzli sahnalarida ham go‘zal qo‘shiqlar kuylab, millionlab muxlislar mehrini qozonib kelmoqda. “Yalla” ansambli jamoaviy estrada ijrochiligini yo‘lga qo‘yib, yurtimiz sanʼati va madaniyati tarixida butunlay yangi sahifa ochdi. Bugun xalqimizning bayramlari, muhim tadbirlari va qutlug‘ ayyomlarini ushbu ansambl ijrosidagi qo‘shiqlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Tadbirda “Yalla” ansambli aʼzolari Javlon To‘xtayev, Abbos Aliyev, Temur Xalikov va Igor Xalikovning ham ko‘p yillik samarali faoliyati eʼtirof etildi.

Qayd etilganidek, “Yalla” ansambli ijrosidagi 400 dan ortiq qo‘shiqlardagi milliy ruh va ohang chinakam xalq sanʼati namunasiga, milliy madaniyatimizning “oltin fondi”ga aylangan. “Yallama yorim”, “Yo‘l bo‘lsin”, “Handalak”, “Majnuntol”, “Kelibdi” singari qo‘shiqlar, “Choyxona”, “Sumalak” kabi asarlar milliy qadriyatlarimizni tarannum etsa, “Toshkentim onam”, “Uchquduq”, “Shahrisabz” kabi qo‘shiqlar yurtimizning betakror go‘shalarini dunyoga keng tanitdi.

Davlatimiz rahbari Farrux Zokirovning yurtimiz ijtimoiy-madaniy hayotidagi faol ishtirokiga ham alohida to‘xtalib, uning yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularni katta sahnalarga olib chiqayotgani, “Ovoz” kabi yirik loyihalar orqali yangi isteʼdodlarga sanʼat sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatayotgani barcha uchun haqiqiy ibrat ekanini taʼkidladi.

Mintaqa ijodkorlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik xalqlar o‘rtasida maʼnaviy ko‘prik vazifasini o‘tayotgani qayd etildi. Shuningdek, davlatimiz Farrux Zokirov kabi sanʼat darg‘alarining xalqaro ijodiy loyihalari va yangi asarlarini hamisha qo‘llab-quvvatlashi taʼkidlandi.

Tantanada Farrux Zokirovning ko‘p yillik samarali mehnati, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona xizmatlarini munosib taqdirlash maqsadida Prezident tomonidan alohida farmon va qaror imzolangani eʼlon qilindi.

Xususan, Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi.

Ushbu maktabda “Yalla” nomidagi bolalar ansambli, yoshlar ijodiy laboratoriyasi, zamonaviy ovoz va video yozish studiyasi tashkil etiladi. “Ustoz-shogird” anʼanalari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorati sinflari yo‘lga qo‘yiladi, ustoz ijodkorlarning oyligiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Maktabda aʼlo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilar uchun ixtisoslashgan sanʼat va madaniyat taʼlim muassasalariga qabul bo‘yicha alohida imkoniyatlar yaratiladi. Har yili respublika hududlaridan iqtidorli o‘quvchilar mazkur maktabda o‘z mahoratini oshirib boradi. Byudjet hisobidan iqtidorli o‘quvchilar ustozlari bilan birga nufuzli xalqaro ko‘rik-tanlovlarga yuboriladi va munosib rag‘batlantiriladi.

Tadbirda ushbu taʼlim dargohi yurtimizdagi eng namunaviy maskanlardan biriga aylanib, Zokirovlar sulolasi yaratgan bebaho ijodiy merosni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tantanali marosimda Prezidentimiz milliy sanʼatimiz va madaniyatimizni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik beqiyos xizmatlari uchun Farrux Zokirovga “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini topshirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish