Logo

O‘zbekiston Prezidenti 5-6-fevral kunlari davlat tashrifi bilan Pokistonda bo‘ladi

Fevral 04, 2026. 19:35 • 57 soniya

47
O‘zbekiston Prezidenti 5-6-fevral kunlari davlat tashrifi bilan Pokistonda bo‘ladi

TOSHKENT, 4-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan 5-6-fevral kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, dasturga muvofiq, Islomobodda Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan muzokaralar hamda Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari oliy darajadagi muloqotlar kun tartibining markazida bo‘ladi.

Siyosiy muloqotni kengaytirish, ikki mamlakat hukumatlari, parlamentlari, ishbilarmon doiralari hamda hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashning muhim jihatlari har tomonlama ko‘rib chiqiladi.

Tomonlar tovar ayirboshlashni oshirishga, sanoat, transport va infratuzilma, turizm sohalaridagi hamkorlik loyihalarini ilgari surishga hamda madaniy-gumanitar aloqalarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratadilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunida Qo‘shma deklaratsiya va ustuvor sohalar bo‘yicha kelishuvlarning salmoqli to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat yetakchi ishbilarmon doiralari vakillarining qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish