Logo

O‘zbekiston Prezidenti maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi

Fevral 04, 2026. 18:59 • 4 daq

95
O‘zbekiston Prezidenti maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi

TOSHKENT, 4-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, maktabgacha taʼlim bolaning intellektual, ijtimoiy va maʼnaviy rivojlanishida hal qiluvchi bosqich hisoblanadi. Shu bois, so‘nggi yillarda ushbu sohada qamrovni kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi. Natijada mamlakatimizda maktabgacha taʼlim bilan qamrov 78 foizga yetdi.

Shu bilan birga, qamrovni 80 foizga yetkazish uchun yangi bog‘cha o‘rinlarini yaratish talab etiladi, 39 ta tuman va shaharda esa bog‘cha qamrovi 70 foizdan past darajada qolmoqda. Shuningdek, davlat bog‘chalarida pedagoglarning 61 foizi, nodavlat bog‘chalarda esa 76 foizi o‘rta maxsus maʼlumotga egaligi kadrlar salohiyatini yanada oshirish dolzarb masala ekanini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan bugungi taqdimotda maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Jumladan, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining taʼlim dasturi majburiy umumiy o‘rta taʼlimning dastlabki bosqichi sifatida joriy etiladi. Bunda bolalarni maktab taʼlimiga puxta tayyorlash, taʼlimda uzluksizlikni taʼminlash asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

Maktabgacha taʼlim tizimida o‘yinga asoslangan taʼlim modeli joriy etilib, bolaning tabiiy qobiliyati va qiziqishlarini hisobga olgan holda taʼlim-tarbiya jarayoni tashkil qilinadi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv muhiti yangilanadi.

Shuningdek, “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘ini shakllantirish rejalashtirilgan. 2026-2028 yillarda har bir hududda 120 o‘rinli “Yangi avlod” davlat bog‘chalari hamda ularning tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etiladi. Mazkur bog‘chalarda qo‘shimcha rahbar hamda tarbiyachi-yo‘riqchi shtatlari joriy qilinib, rahbar va pedagog xodimlarga tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.

Maktabgacha va umumiy o‘rta taʼlim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu orqali taʼlim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni kengaytirish va qamrovni oshirish maqsad qilingan.

Kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha taʼlim dasturlari xalqaro ilg‘or tajribalarga mos ravishda takomillashtiriladi. Shu bilan birga, amalda ishlab kelayotgan o‘rta maxsus maʼlumotli pedagog kadrlar uchun dual taʼlim (“5+1”) asosida bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.

2027-2028 o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida taʼlim-tarbiya olgan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishi, mazkur maʼlumotlar umumiy o‘rta taʼlim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Taqdimotda maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar ham muhokama qilindi.

Maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlar uchun qator qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

Jumladan, maktab va bog‘chalar hududidagi bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etilganda, ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmaydi. Shuningdek, har bir tarbiyalanuvchi uchun davlat bog‘chalarida bir bolaga to‘g‘ri keladigan xarajatning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Ushbu tartib 2024-yildan tashkil etilgan nodavlat bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.

Qamrov darajasi past hududlarda bog‘cha va maktabdan tashqari joylarda quvvati kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etilsa, 7 yilgacha muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shu bilan birga, tarbiyachilarga oylik ish haqi to‘lash xarajatlari davlat bog‘chalarida belgilangan meʼyorlar asosida uch yil davomida qoplab beriladi. Har 30 nafar bolaga bir nafar tarbiyachi shtati hisoblanadi.

Mazkur imtiyozlar yangi ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida tashkil etiladigan xususiy bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvarga qadar quvvati 150 o‘rindan kam bo‘lmagan nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi bo‘yicha yengilliklar beriladi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish hamda maktabgacha taʼlim sifatini oshirish orqali bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratish muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish