O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining kelgusidagi ustuvor vazifalarini ko‘rib chiqdi
Yanvar 30, 2026. 18:10 • 2 daq
• 96
TOSHKENT, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda energetika xavfsizligini mustahkamlash, energiya resurslari, jumladan, tabiiy gazga bo‘lgan ichki talabni barqaror qondirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz taʼminlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyot va aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani yangi zaxiralarni aniqlash, mavjud konlar samaradorligini oshirish va yangilarini ishga tushirishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining oldiga sohada natijadorlikni tubdan oshirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish vazifalari qo‘yilgan.
Taqdimotda qayd etilganidek, 2025-yilda jamiyat korxonalari tomonidan 25,2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, 56 ta yangi quduq burg‘ilandi, 29 ta quduq mukammal taʼmirlandi.
2026-2027-yillarda tabiy gaz chiqarish hajmini barqaror darajada taʼminlash, 300 dan ortiq geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda buning uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.
Jumladan, geologiya-qidiruv va geologik-texnik tadbirlar samaradorligini oshirish, zaxiralarni ko‘paytirish va qazib chiqarish hajmlarining barqarorligini taʼminlash, xaridlar tartib-taomillarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, gazni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, jamiyat va uning korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi.
Kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish, xususan, sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlarini to‘xtatish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi qayd etildi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, moliyaviy aktivlar harakatini nazorat qilish, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari jamiyat faoliyatining muhim ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Taqdimotda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida, shu jumladan Surxondaryo viloyatida qayd etilgan texnogen holatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bunday holatlar yangi istiqbolli maydonlarni izlash, quduqlarni chuqur burg‘ilash va geologik qatlamlarni o‘rganish jarayonlarining tabiiy tarkibiy qismi bo‘lib, ular dunyo amaliyotida ham ko‘p uchrab turadi. Yurtimizda bunday vaziyatlarda tegishli choralar ko‘rib borilayotgani taʼkidlandi.
Prezidentimiz mutasaddilarga geologik tadqiqotlar olib borilayotgan hududlarda doimiy monitoringni kuchaytirish, zamonaviy nazorat texnologiyalarini joriy etish hamda aholi xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
