Logo

7-apreldan Toshkent–Vladivostok–Toshkent yo‘nalishida yangi aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi

Aprel 06, 2026. 15:49 • 2 daq

81
7-apreldan Toshkent–Vladivostok–Toshkent yo‘nalishida yangi aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi

VLADIVOSTOK, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. Vladivostok shahridagi “Novotel” mehmonxonasida “Centrum Air” aviakompaniyasi va O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamkorligida mamlakatimizning turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan “Road show” tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Primorsk hududida faoliyat yurituvchi 25 dan ortiq turistik kompaniyaning 40 nafardan ziyod vakillari ishtirok etdi.

“Road show” davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan turistlar oqimini oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

O‘zbekiston diplomatlari 2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonga 1 million 770 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgani va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga oshganini alohida taʼkidladi.

Shu bilan birga, Turizm qo‘mitasi vakillari tomonidan O‘zbekistonning boy madaniy merosi, ko‘p asrlik anʼanalari, turizm va biznes turizmi salohiyati haqida taqdimot o‘tkazilib, so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlar keng yoritildi.

Uchrashuvda, “Centrum Air” aviakompaniyasi vakili shu yil 7-apreldan Toshkent–Vladivostok–Toshkent yo‘nalishida yangi aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, u ushbu aviaqatnov yo‘nalishida yo‘lovchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar, turoperatorlarga maʼqul keladigan imkoniyatlar to‘g‘risida ham so‘z yuritdi.

Tadbir yakunda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, O‘zbekiston turizmiga oid videoroliklar namoyish etildi hamda mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari tortiq qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish