Logo

“Axios”: Mintaqaviy vositachilar AQSh va Eron o‘rtasida vaqtinchalik tinchlikka erishishga harakat qilmoqda

Aprel 06, 2026. 14:34 • 2 daq

51
“Axios”: Mintaqaviy vositachilar AQSh va Eron o‘rtasida vaqtinchalik tinchlikka erishishga harakat qilmoqda

VASHINGTON–TEHRON, 6-aprel. / “Dunyo” AA/. AQSh, Eron va qator mintaqaviy vositachilar urushning tugashiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 45 kunlik ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini muhokama qilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Axios” portaliga tayanib.

Muzokaralar jarayonidan xabardor bo‘lgan amerikalik, isroillik va boshqa mintaqaviy vakillarning so‘zlariga ko‘ra, vositachilar ikki bosqichli kelishuv shartlarini muhokama qilgan. Birinchi bosqich 45 kunlik potensial o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lib, bu urushni doimiy ravishda to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish imkoniyatini yaratadi.

Qayd etilishicha, ikkinchi bosqich urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv bo‘ladi. Hisobotda, muzokaralar uchun qo‘shimcha vaqt talab etilsa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi uzaytirilishi mumkinligi aytilgan.

Vositachilar sifatida Pokiston, Misr va Turkiya ishtirok etmoqda. Muzokaralar AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi o‘rtasidagi yozishmalar orqali ham olib borilmoqda.

Manbalarda xabar qilinishicha, so‘nggi kunlarda AQSH maʼmuriyati Eronga bir nechta taklif yuborgan, biroq Tehron hozircha ularning birortasini qabul qilmagan.

AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni “The Wall Street Journal” nashriga Eron Hurmuz bo‘g‘ozini ochishi yoki muhim infratuzilmaga zarba berishi kerak bo‘lgan oxirgi muddat – 7 aprel, seshanba kuni kechqurun, sharqiy vaqt bilan soat 20:00da (Toshkent vaqti bilan 8 aprel, 05:00da) ekanini aytdi. Aks holda, u aytganidek, mamlakatga “ofat yog‘diriladi”.

“Axios” suhbatdoshlarining fikricha, yaqin 48 soat ichida kelishuvga erishish imkoniyati kam, ammo bu mojaroning jiddiy avj olishidan qochish uchun so‘nggi urinishdir.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eron energetika obyektlariga ommaviy zarbalar berish rejasi tayyor. Bunga javoban, manbalarning taʼkidlashicha, Eron Ko‘rfaz davlatlarining energetika obyektlariga zarba berishi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, vositachilar AQSh maʼmuriyati Eronga o‘t ochishni to‘xtatish vaqtinchalik bo‘lmasligi va urush qayta boshlanmasligiga kafolat berish uchun qo‘yishi mumkin bo‘lgan qadamlar ustida ishlamoqda.

“Eron rasmiylari vositachilarga G‘azo yoki Livandagi kabi vaziyatga tushib qolishni istamasliklarini aniq aytishdi”, deya taʼkidlagan “Axios” suhbatdoshlari.

“RIA Novosti” surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish