Tokioda turkiy xalqlarning Navro‘z shodiyonalari bo‘lib o‘tdi
Aprel 06, 2026. 14:56 • 2 daq
• 19
TOKIO, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtidagi Turk madaniyat markazida turkiy tilli mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari hamkorligida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali madaniy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tantanalar doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiyaning milliy ko‘rgazmalari tashkil etilib, ularda qardosh xalqlarning boy madaniy merosi, qadimiy anʼanalari va xalq amaliy sanʼati durdonalari namoyish etildi. Mazkur bayram sayilida diplomatik korpus, Yaponiyada istiqomat qilayotgan turkiy xalqlar vakillari hamda yapon jamoatchiligidan iborat qariyb 200 nafar mehmon ishtirok etdi.
Diqqat markazida bo‘lgan O‘zbekiston milliy burchagida yurtimizning betakror madaniyati keng yoritildi. Tashrif buyuruvchilarga kulolchilik, kashtachilik va yog‘och o‘ymakorligi kabi milliy sanʼat namunalari, atlas va adraslardan tikilgan bejirim liboslar hamda mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi videoroliklar taqdim etildi. Mehmonlar o‘zbek xalqining qadimiy tarixi va zamonaviy turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Madaniy dastur davomida ijro etilgan turkiy xalqlarning jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari va anʼanaviy raqslari yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, dasturxonga tortilgan bahoriy taomlar xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu tadbir O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasini ilgari surish, milliy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish hamda Yaponiya bilan gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi