Afshan Siddiq Malik: O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘li Markaziy Osiyo uchun muhim tajriba maktabidir
Avgust 21, 2026. 08:10 • 3 daq
• 162
ISLOMOBOD, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti maslahatchisi, taniqli yozuvchi Afshan Siddiq Malik mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Mustaqillik – har bir xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, tarixi, tili, madaniyati va kelajagiga egalik qilish huquqidir. Shu maʼnoda, O‘zbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim tarixiy tajriba maktabidir.
Bugun O‘zbekistonda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi 10 yilda mamlakat hayotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, iqtisodiy taraqqiyot, taʼlim va ilm-fanga eʼtibor, madaniy merosni asrab-avaylash, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlar alohida eʼtiborga loyiq.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot falsafasida inson qadri, jamiyat farovonligi, tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari ustuvor o‘rin egallaydi. Mamlakatning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida yangi taraqqiyot bosqichiga intilayotgani ham ana shu maqsadlarning izchil davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
2026-yilda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanayotgani ham mamlakatda birdamlik va umummilliy maqsadlarga katta ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashabbuslari ham O‘zbekistonning tashqi dunyodagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Uning Markaziy Osiyoda tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan siyosatini alohida taʼkidlashni istardim.
Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha tinchlik va barqarorlikka qaratilgan tashabbuslar, transport-kommunikatsiya yo‘laklarini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamda madaniy aloqalarni kengaytirish g‘oyalari har ikki mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega.
Men yaqinda Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom forumida ishtirok etdim. Ushbu tashrif menga O‘zbekistonda kechayotgan islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkonini berdi. Toshkentdagi zamonaviy shahar muhiti bilan bir qatorda, O‘zbekistonning tarixiy xotirasi va milliy ruhini his etish menda katta taassurot qoldirdi. Samarqandda buyuk sivilizatsiyalarning izlari, ilm-fan va madaniyat anʼanalari bugungi O‘zbekiston hayoti bilan uyg‘unlashib borayotganiga guvoh bo‘ldim.
Men uchun O‘zbekiston safari oddiy bir sayohat emas, balki ikki buyuk xalq – o‘zbek va pokiston xalqlarini bog‘lab turgan mushtarak tarix, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlarni yana bir bor his etishga yordam berdi. Bu yurtda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi va merosiga bo‘lgan hurmatni ko‘rish Pokiston fuqarosi sifatida meni chuqur taʼsirlantirdi. Boburiylar merosi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tarixiy ko‘prikning eng yorqin ramzlaridan biridir.
Bugun O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari ham yangi, mazmunan boy bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rish quvonarli. Ayniqsa, 2026-yil 5–6-fevral kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda muhim voqea bo‘ldi.
O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, kattalarga hurmati, ilm va maʼrifatga intilishi, tarix va milliy qadriyatlarga sadoqati menda katta taassurot qoldirdi. Pokiston xalqi bu fazilatlarni yuksak qadrlaydi. Chunki xalqlarimizni geografik masofadan ko‘ra tarix, maʼnaviyat va qalb yaqinligi ko‘proq birlashtiradi.
Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va birodarlik rishtalari yanada mustahkamlanishiga ishonaman.
Mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga Pokistondan eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi