Logo

O‘zbekiston Pokiston bilan strategik sheriklikni mustahkamlamoqda

Fevral 06, 2026. 08:10 • 10 daq

5
O‘zbekiston Pokiston bilan strategik sheriklikni mustahkamlamoqda

ISLOMOBOD, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi arafasida arafasida O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi Alisher To‘xtayev “Dunyo” AA uchun intervyu berdi.

Suhbat davomida Pokiston bilan ikki va ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlikning bugungi holati, ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

– Hurmatli Alisher Hakimovich, suhbatimizni O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining tarixi va rivojlanish bosqichlari haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.

– O‘zbekiston va Pokistonni azaldan tarixiy, anʼanaviy do‘stlik rishtalari, din mushtarakligi, urf-odatlar va madaniy qadriyatlarning o‘xshashligi kabi umumiy jihatlar bog‘lab turadi. Bu umumiylik so‘nggi yillarda, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ldi va ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar hamkorlikning “drayveri”ga aylandi.

Pokistonda o‘zbek madaniyati va turmush tarzining qator elementlarini uchratish mumkin. Maʼlumki, Pokiston hududi buyuk ajdodimiz, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan asos solingan Boburiylar davlati tarkibida bo‘lgan. Boburiylar merosini Pokistonning ko‘plab hududlarida, xususan, Lahor shahrida ko‘rish mumkin. Ular tomonidan bunyod etilgan bog‘lar, qalʼalar, masjid va madrasalar, suv inshootlari Pokiston madaniyatining ajralmas qismiga aylanib ketgan. Pokiston xalqi ushbu meros bilan faxrlanadi va Boburiylarni yuksak qadrlaydi. Shu maʼnoda, tarixiy bog‘liqlik va mushtaraklik zamonaviy O‘zbekiston va Pokiston munosabatlarini rivojlantirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston geografik jihatdan Markaziy Osiyoning markazida joylashgan bo‘lib, mintaqadagi barcha davlatlar bilan umumiy chegaralarga ega.

Pokiston esa geografik jihatdan muhim logistika nuqtasida joylashgan. Bu mamlakat orqali Hind okeaniga chiqish imkonini beruvchi strategik ahamiyatga ega transport yo‘laklari o‘tadi. Ushbu koridorlar dunyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan mamlakatlar o‘rtasidagi transport aloqalari uchun muhim arteriya hisoblanadi.

Bundan tashqari, Pokiston Janubiy Osiyoda markaziy geografik o‘rinni egallaydi. Bu borada O‘zbekiston va Pokiston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tay oladi.

Yana bir jihatni taʼkidlamoqchiman: O‘zbekiston ham, Pokiston ham buyuk sivilizatsiyalar zaminidir. Bizni o‘zaro bog‘lab turuvchi tarixiy ildizlar, o‘xshashliklar ko‘p. Eng muhimi, biz bugun yaxshi do‘st va hamkor mamlakatlarmiz.

– Pokiston O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan bo‘lsada, ikki tomonlama munosabatlarda 2017 yildan keyin sezilarli faollashuv kuzatildi. Bu haqda nima deya olasiz?

– Haqiqatan, Pokiston 1992-yil 10-may kuni O‘zbekiston mustaqilligini Janubiy Osiyoda birinchi bo‘lib tan olgan davlatlardan biri bo‘lgan. Joriy yil O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 34 yil to‘ladi.

To‘g‘ri, 2017-yilgacha bo‘lgan davrda munosabatlar ancha kamtarona rivojlangan, ikki mamlakat mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanmagan. Biroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan so‘ng Pokiston bilan munosabatlar ham qayta ko‘rib chiqildi va barcha sohalarda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Oliy darajadagi o‘zaro tashriflar chog‘ida do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratildi. Qator hukumatlararo hujjatlar imzolandi.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada mustahkamlandi. Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot faollashdi, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik kengaydi.

Shu o‘rinda 2022-yil 15–16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida ishtirok etish uchun Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif O‘zbekistonga tashrif buyurganini taʼkidlash joiz. Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazildi.

2025-yil O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari uchun alohida ahamiyatli bo‘ldi. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif 25–26-fevral kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni yangi bosqichga ko‘tardi. Tomonlar imzolagan Ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot yaqin istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.

– O‘zbekistonPokiston munosabatlarida parlamentlararo muloqot va tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holatini qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida parlamentlararo, vazirliklar, idoralar va tarmoqlar darajasidagi muloqotlar faollashgani va almashinuvlar samarali tus olganini alohida mamnuniyat bilan qayd etish kerak.

Xususan, Pokiston parlamenti Quyi palatasi va Senati rahbarlarining bir necha bor O‘zbekistonga tashriflari tashkil etildi.

2025-yil sentyabr oyida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, dekabr oyida esa Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Pokistonga tashrif buyurdi. Ikki davlat parlamentlari o‘rtasida tuzilgan do‘stlik guruhlari faoliyati ham jadallashmoqda.

O‘zbekiston va Pokiston tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar hamkorlikning muhim mexanizmi hisoblanadi. Xususan, siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari 2025-yil fevral oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning sakkizinchi raundi, shuningdek, yirik xalqaro tadbirlar doirasidagi muloqot mexanizmlaridan samarali foydalanmoqda.

– O‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikdir. O‘zbekiston va Pokiston ushbu jabhada o‘z salohiyatidan to‘liq foydalanayaptimi?

– Pokiston O‘zbekistonning Janubiy Osiyo davlatlari orasidagi muhim savdo sheriklaridan biriga aylanib bormoqda. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari 2017-yildan buyon barqaror o‘sishni namoyon etmoqda.

Pokiston O‘zbekistondan asosan dukkaklilar, ip-kalava, boshoqlilar, piyoz, yer yong‘oq va transport xizmatlarini import qiladi. O‘zbekiston esa dori vositalari, sitrus mevalar, kartoshka, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari, sovun va boshqa mahsulotlarni sotib oladi.

Keyingi paytlarda pokistonlik investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi ham tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 176 ta qo‘shma korxona faoliyat yurityapti. Pokistonning “Novugen Pharma”, “Nurin Pharma”, “Hero Brands”, “Diamond Group” kabi yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda respublikamiz hududlarida, xususan, Sirdaryo, Toshkent, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

Tarmoqlar kesimida korxonalarning asosiy qismi sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish quvvatlari to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat, charm sanoati va boshqalardan iborat.

Bundan tashqari, 2024-yil noyabr oyida Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Pokiston hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini Islomobod shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tizimli saʼy-harakatlar natijasida so‘nggi sakkiz yilda ikki tomonlama savdo hajmlari dinamik o‘sish surʼatlarini ko‘rsatmoqda, uning umumiy hajmi deyarli 12 baravarga oshdi. 2025-yil 1-dekabr holatida ushbu ko‘rsatkich 434,3 million AQSh dollarini tashkil etdi. Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini eng yaqin kelajakda 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qatʼiy choralar belgilab olingan.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida o‘zaro savdoda eng qulay rejim o‘rnatilgan hamda “Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim” imzolangan. Bitim bilan qator tovar pozitsiyalari uchun tarif imtiyozlari joriy etildi. Tomonlar ushbu bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini kengaytirish bo‘yicha doimiy muloqot olib bormoqda.

Sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishidagi aloqalar ham jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Muntazam ravishda “Made in Uzbekistan” va “Made in Pakistan” sanoat mahsulotlari, “National Food Fest” oziq-ovqat ko‘rgazmalari o‘tkazib kelinmoqda, biznes-delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, o‘zbekistonlik mutaxassislar pokistonlik hamkorlar bilan birgalikda Markaziy Osiyo va Pokiston o‘rtasida muqobil logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, xususan, O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston o‘rtasida “Transafg‘on” temir yo‘lini qurish hamda ikki davlat hududida logistika markazlarini yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettiryapti.

O‘zbekiston o‘zining strategik joylashuvi, rivojlangan transport infratuzilmasi va qo‘shni davlatlar bilan mavjud erkin savdo shartnomalari tufayli Pokiston biznesi uchun 80 million aholiga ega Markaziy Osiyo bozoriga kirishda muhim darvoza vazifasini o‘tashi mumkin. O‘z navbatida, Pokiston o‘zbek biznesining Janubiy Osiyo mamlakatlari bozorlarida ishtirokini kengaytirishda muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.

– Janob elchi, O‘zbekistonning Pokiston bilan sayyohlik yo‘nalishidagi hamkorlik holatiga qanday baho berasiz, umuman olganda, pokistonliklarning O‘zbekistonning boy merosiga yondashuvi qanday?

– Pokiston bilan hamkorlikda turli sohalar qatori turizmga ham alohida eʼtibor qaratamiz. Chunki, O‘zbekiston va Pokistonning turizm sohasidagi tajribasi juda jozibali va foydali ekanligi hech kimga sir emas. Taʼkidlash kerakki, O‘zbekiston pokistonliklar uchun jozibali sayyohlik yo‘nalishiga aylanib bormoqda.

O‘zbekiston va Pokiston sayyohlar uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etganini qayd etish muhim. Biz ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar almashinuvining oshishi, turoperatorlar, mehmonxona egalari, umuman, mazkur sohada ishlaydigan ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdorimiz.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston ham, Pokiston ham turizmni rivojlantirish, turistlarni jalb etishda yuqori salohiyat va imkoniyatga ega. O‘z davrida Islom dini beshiklaridan bo‘lgan O‘zbekiston zamini qadimiy tarixiy obidalari va boy merosi bilan pokistonliklar uchun muhim ziyorat turizmi yo‘nalishiga aylangan. O‘zbekiston ziyorat turizmi sohasidagi aloqalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan ham jozibador hisoblanadi. Pokistonliklar Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband va boshqa buyuk mutafakkirlarimiz merosiga hurmat bilan yondashadi.

Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz va Toshkent kabi qadimiy shaharlarining noyob tarixiy yodgorliklari bilan bir qatorda, yurtimizning boshqa hududlarida ham ko‘plab ziyoratgohlar mavjud bo‘lib, ular ham pokistonlik sayyohlar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqasi masalalari alohida eʼtiborga loyiqdir.

Pokiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Toshkent va Islomobodni bog‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ochildi. Bugungi kunda “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Islomobod va Toshkent–Lahor o‘rtasida haftasiga to‘rtta aviaqatnov amalga oshirilyapti. Bugungi kunga qadar ushbu aviaqatnovlar xizmatidan 30 mingdan ortiq yo‘lovchilar foydalandi. Aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2025-yilda salkam 17 ming Pokiston fuqarolari O‘zbekistonga sayyohlik maqsadida bordi.

Soha masʼullari sayyohlik mahsulotlari va xizmatlarini o‘zaro ommalashtirish, bu borada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarimiz juda katta ekanini taʼkidlamoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatlarimiz o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirish kun tartibimizdagi muhim masalalardan biriga aylangan.

– Taʼlim, madaniy-maʼrifiy jabhalardagi O‘zbekiston Pokiston munosabatlari haqidagi fikrlaringiz ham biz uchun muhim...

– Taʼlim ikki tomonlama hamkorlikning yana bir muhim sohasi bo‘lib qolmoqda. Ikki mamlakat taʼlim va ilmiy muassasalari o‘rtasida samarali sheriklik munosabatlari o‘rnatilgan. Bugungi kunda ikki mingdan ortiq Pokiston fuqarolari O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida tibbiyot, farmatsevtika, turizm, AKT va boshqa yo‘nalishlarda taʼlim olmoqda.

Ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish, grantlar ajratish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha turli seminar va treninglar tashkil etish ishlari davom etmoqda.

Pokistonda charm sanoati ancha rivojlangan. Ushbu jabhada malakali mutaxassislar tayyorlaydigan Gujranvala charm texnologiyalari instituti O‘zbekiston fuqarolari uchun grant ajratishini maʼlum qilgan. Gujranvaladagi “GIFT University”da “O‘zbekiston–Pokiston o‘sish darchasi” ochildi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida qariyb 75 yildan buyon urdu tili, adabiyoti va Pokiston tarixi bo‘yicha kurslar o‘qitilib kelinayotgani ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etyapti.

Pokistonda ham o‘zbek tili va tarixini o‘rganishga bo‘lgan talab keskin oshdi, ushbu jabhada loyihalar jadal amalga oshirilyapti. Qo‘shma madaniy tadbirlar, festivallar, ko‘rgazma va forumlar o‘tkazish muntazamlik kasb etganini taʼkidlash kerak.

2021-yil fevral oyida Panjob universitetida o‘zbek xalqining buyuk ajdodi hayoti va merosini o‘rganish maqsadida Bobur merosi markazi ochildi. Peshovar universitetida esa Alisher Navoiy nomidagi markaz tashkil etilgan. Markaz Pokistonda o‘zbek madaniyatini yanada ommalashtirishga yaqindan ko‘maklashyapti. O‘zbekiston va Pokiston olimlari Boburiylar merosini birgalikda o‘rganishga katta qiziqish bildirmoqda. Bu borada biz Pokiston Muslim instituti bilan birgalikda madaniy markaz tashkil etish ishlari ustida ishlayapmiz. Yana bir yangilik – yaqin kunlarda ikki mamlakat kinoijodkorlari hamkorligida tayyorlanayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan film jamoatchilik eʼtiboriga taqdim etiladi.

2025-yilda Islomobodda O‘zbekiston Prezidenti faoliyatiga bag‘ishlangan uchta muhim kitob – Muhammad Abbos Xonning “Uzbekistan: The Third Renaissance – The Concept of the Future”, Mehmud ul-Hasan Xonning “Shavkat Mirziyoyev: Great Leader of Reforms and Regional Integration” va Kudratilla Rafiqov muallifligidagi “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli asarlari keng jamoatchilikka taqdim etildi. Bu Pokiston ilmiy-akademik doira vakillari orasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning ortayotganidan dalolat beradi. O‘tgan yili dekabr oyida esa “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi tashkil etildi, milliy taomlar festivallari uyushtirilyapti.

– So‘nggi savol, bo‘lajak oliy darajadagi O‘zbekiston –Pokiston sammiti va uning doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar yakunlaridan nimalarni kutayapsiz?

– Ishonchim komilki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga tashrifi va oliy darajadagi muloqot mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iliq va do‘stona munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga hamda foydalanilmagan yuqori salohiyatga ega ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga xizmat qiladi.

Tashrif doirasida qator hukumatlararo hujjatlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi bitimlar imzolanishi kutilmoqda. Islomobod ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi o‘tkazilishi uchun muhim maydonga aylanadi. Unda birgalikda amalga oshirish uchun bir qator istiqbolli loyihalarni muhokama qilish va kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga bo‘lajak tashrifi siyosat, xavfsizlik, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport aloqalari, turizm, taʼlim, innovatsiya, madaniyat va xalq diplomatiyasi sohalarida ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro ishonch va anglashuv poydevoriga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish