Rossiyaning Oltoy o‘lkasida ishlayotgan vatandoshlarning mavjud muammo va kamchiliklari hal etildi
Fevral 05, 2026. 19:30 • 2 daq
• 10BIYSK, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Biysk shahridagi “EKS kompaniyalar guruhi” AJ rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Rossiyaning Sibir federal okrugi, jumladan, Oltoy o‘lkasidagi turli korxonalarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarimizga nisbatan salbiy holatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda hamyurtlarimizning mehnat faoliyati, ish haqi, yashash tarzi, mavjud muammo va kamchiliklar haqida fikr-mulohaza almashdi.
“EKS kompaniyalar guruhi” AJ obyektlarida bugungi kunda Andijon, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 600 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi armaturachi, montajchi, suvoqchi, yuk avtomobillari, tirkamalar haydovchisi va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha mehnat qilmoqda.
Mazkur kompaniyaning qurilish maydonlarida yurtdoshlarimizning ish va yashash sharoitlari atroflicha muhokama qilinib, Rossiya tomonining mehnat faoliyatiga tizimli yondashuvi, yaratilgan sharoitlar va mehnat xavfsizligi tizimlari o‘rganildi.
Rossiya kompaniyasi rahbariyatining vatandoshlarimiz bilan tuzilgan mehnat shartnomasining ish haqini o‘z vaqtida to‘lash, barcha zarur ro‘yxatdan o‘tish tartib-qoidalaridan o‘tgandan so‘ng hujjatlarni qaytarish, ish beruvchi tomonidan xavfsizlik texnikasini taʼminlashga oid bandlarini bajarmaslik holatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bosh konsul kompaniyada ishlayotgan fuqarolarimiz bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini batafsil o‘rganib chiqdi.
Ularni ishga qabul qilish va mehnat faoliyatini tashkil etishda qator jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Shu bilan birga, Rossiya tomonining eʼtibori so‘nggi paytgacha ushbu kompaniya tomonidan tushlikka issiq taomlarni yetkazib berish jarayoni yo‘lga qo‘yilmagani, kompaniya oshxonalaridagi navbatlarni qisqartirish choralari ko‘rilmagani, montajchilar xavfsizlik kamarlari bilan taʼminlanmaganiga qaratildi.
Mazkur korxonada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan besh nafar O‘zbekiston fuqarosi muloqot chog‘ida betobligi tufayli zudlik bilan O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan.
Bosh konsul vatandoshlarimizga “Novosibirsk–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalarni ish beruvchi hisobidan sotib olish tashabbusi bilan chiqdi.
Shu bilan birga, kompaniya rahbariyati Bosh konsulning murojaatidan so‘ng, O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan fuqarolarimizdan biriga ish faoliyatida olgan jarohati uchun 100 ming rubl (1300 AQSh dollari) miqdorida tovon puli to‘lashga rozi bo‘ldi. Yarim soat ichida ushbu tovon puli jabrlanuvchiga to‘liq miqdorda to‘lab berildi.
Yuqoridagi besh nafar O‘zbekiston fuqarosi “S7 Airlines” aviakompaniyasi tomonidan Vatanga qaytadi.
Kompaniya rahbariyati Bosh konsulning barcha fikr-mulohazalarini inobatga olib, kelgusida O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan salbiy holatlar yuzaga kelmasligi uchun barcha chora-tadbir va saʼy-harakatlarni ko‘rishga vaʼda berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



