Anqaradan munosabat: Turkiya va O‘zbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyalari tobora uyg‘unlashib bormoqda
Fevral 23, 2026. 09:41 • 2 daq
• 45
ANQARA, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. “EkoAvrasya” Yevroosiyo iqtisodiy aloqalar jamg‘armasi rahbari Hikmet Eren “Dunyo” AA uchun intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17-19-fevral kunlari AQSHga amalga oshirgan tashrifi va Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi:
– Ochig‘ini aytganda, Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston yetakchisi tomonidan ko‘plab taklif va tashabbuslar bildirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston G‘azoda uy-joy, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurilishida ishtirok etishga tayyorligi haqidagi bayonoti eʼtirofga loyiq. Hataydagi o‘zbek mahallasining qurilishi O‘zbekiston tomonining so‘zlari shunchaki yangramasligini allaqachon isbotladi.
Gazoda maktablar va shifoxonalar qurish orqali ijtimoiy infratuzilmani tiklash kelajakning normal hayotiga sarmoya kiritishdir. Bu harakatlar bolalarning sirena ovozini eshitmay ulg‘ayishiga sarmoya kiritishdir. Amalga oshirilayotgan tashabbuslar jamiyat uchun tinchlikda yashashni qayta o‘rganish imkoniyatidir. Bunday yondashuv mohiyatan “Inson qadri uchun” tamoyilini aks ettiradi.
Anqara nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, yana bir detal namoyon bo‘ladi: Turkiya va O‘zbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyalari tobora uyg‘unlashib bormoqda. Gumanitar diplomatiya, mojarolardan keyin tiklanish, mavhum rezolyutsiyalar o‘rniga amaliy yordam – bularning barchasi yaxshi tanish uslub.
Yana bir muhim jihat bor: turkiy davlatlarning global gumanitar tashabbuslarda faollashishi tasodif emas. Uzoq vaqt davomida o‘zgalar manfaatlari kesishadigan makon sifatida qaralgan mintaqa endilikda o‘z kun tartibini o‘zi shakllantirmoqda.
Umuman olganda, Mirziyoyevning ushbu nutqi ko‘p qutbli dunyoning kengroq manzarasiga tabiiy ravishda mos keladi. Masʼuliyat va ko‘p tomonlama hamkorlikka ochiqlik – bular ilgari asosan ichki dastur sifatida yangragan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining tashqi siyosiy ko‘rinishidir.
G‘azoni qayta tiklash tashabbusi bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda ishlaydi. U O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshiradi, O‘zbekiston–Turkiya hamkorligiga yangi mazmun beradi. Eng muhimi, turkiy makonni nafaqat so‘z, balki aniq harakatlar bilan tinchlik va barqarorlikka hissa qo‘shishga qodir subyekt sifatida shakllantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
