Toshkent va Praga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
Fevral 22, 2026. 14:24 • 2 daq
• 10
PRAGA, 22-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning diplomatlari Vaslav Gavel nomidagi Praga xalqaro aeroportining yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Martin Tatek bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida sayyohlar va ishbilarmonlar oqimini kengaytirish, aviatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Chexiya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani, O‘zbekiston fuqarolari uchun turistik vizalar berish amaliyoti ijobiy dinamikani ko‘rsatayotgani taʼkidlandi.
Martin Tatek O‘zbekistonning madaniy-tarixiy turizmi chexiyalik sayyohlar uchun yuqori salohiyatga ega ekanligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yurtimizning boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va mehmonlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlarda katta taassurot qoldirgan. Shuningdek, u O‘zbekiston Chexiya ishbilarmon doiralari uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rilayotganini bildirdi.
Uchrashuv ishtirokchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani turizm sohasidagi hamkorlik va ishbilarmonlik aloqalarini samarali rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini taʼkidladilar. Maʼlum qilinishicha, hozirda yo‘lovchilarning aksariyati Istanbul orqali tranzit reyslardan foydalanmoqda, bu esa yo‘nalishning raqobatbardoshligini pasaytirmoqda. Praga - Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari turoperatorlar va individual sayyohlarga sayohatlarni oldindan rejalashtirish, turistik paketlarni shakllantirish va samarali marketingni amalga oshirish imkonini beradi.
Chexiya tomoni “Uzbekistan Airways”ni salohiyatli asosiy hamkor sifatida qayd etdi. Parvozlarni yo‘lga qo‘yishni muhokama qilish uchun mart oyi boshida Praga aeroporti, milliy aviakompaniya va manfaatdor xususiy tashuvchilar ishtirokida qo‘shimcha onlayn uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Tadbirda muntazam aviaqatnovlarni tashkil etishni rag‘batlantirish choralari va shartlari ko‘rib chiqiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
