Rigadan munosabat: O‘zbekiston va AQSH qiymati 35 milliard dollar bo‘lgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirmoqchi
Fevral 21, 2026. 11:30 • 2 daq
• 110
RIGA, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. Latviya iqtisodiyot instituti direktori Nina Linde “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17-19-fevral kunlari AQSHga amalga oshirgan tashrifi va Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi O‘zbekistonning xalqaro pozitsiyasini mustahkamlash hamda global tinchlik va barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishdagi rolini oshirishda muhim qadamdir.
Oliy darajadagi ko‘p tomonlama forumda ishtirok etish, AQSH siyosiy va ishbilarmon doiralari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishni o‘z ichiga olgan tashrifning faol dasturi bundan dalolat beradi. Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, bu tomonlarning uzoq muddatli strategik sheriklikni shakllantirishga intilishini aks ettiradi.
Toshkentning ochiqlik, pragmatizm va konstruktiv muloqot tamoyillariga asoslangan izchil tashqi siyosati dunyoning yetakchi davlatlari ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining Tinchlik kengashi majlisidagi ishtiroki mamlakatimizning xalqaro barqarorlikni taʼminlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini ko‘rsatadi.
Jahon iqtisodiyoti va geosiyosatida saqlanib qolayotgan notinchlik sharoitida O‘zbekistonning mintaqalararo kooperatsiyani rivojlantirish va tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga qaratilgan tashabbuslariga alohida ahamiyat beraman. Ishonchim komilki, O‘zbekiston–AQSH hamkorligining kengayishi investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va milliy iqtisodiyot barqarorligini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
Investitsiyalar va savdo bo‘yicha imzolangan bitimlar to‘plami Toshkentning yirik jahon iqtisodiyoti va investorlari bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga bo‘lgan pragmatik yondashuvini aks ettiradi, shuningdek, ikkala iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun katta salohiyatni namoyish etadi, deb hisoblayman.
Tashrifning ishbilarmonlik kun tartibi markazida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida qo‘shma investitsiya platformasini yaratish masalalari turadi. Vashingtonda mamlakatlar yetakchilari va AQSHning yetakchi moliyaviy institutlari rahbariyati ishtirokida imzolangan ushbu mexanizm yirik investitsiya loyihalarini tizimli ilgari surish va ustuvor tarmoqlarda xususiy kapitalning amaliy ishtirokini taʼminlashga qaratilgan. Energetika, muhim minerallar, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va transport sohalari shular jumlasidan.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida qiymati 35 milliard dollar bo‘lgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda. Bu fikrimcha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni ko‘paytirish va global qiymat zanjirlariga yana-da chuqurroq integratsiyalashuv yo‘lidagi muhim qadamdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
