Logo

O‘zbekiston delegatsiyasi Dehlida bo‘lib o‘tgan sunʼiy intellekt bo‘yicha sammitda ishtirok etdi

Fevral 23, 2026. 11:06 • 3 daq

19
O‘zbekiston delegatsiyasi Dehlida bo‘lib o‘tgan sunʼiy intellekt bo‘yicha sammitda ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Dehlida bo‘lib o‘tgan sunʼiy intellekt bo‘yicha sammitda ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Dehlida bo‘lib o‘tgan sunʼiy intellekt bo‘yicha sammitda ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Dehlida bo‘lib o‘tgan sunʼiy intellekt bo‘yicha sammitda ishtirok etdi

DEHLI, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda mamlakatimizning yetakchi AT-tuzilmalari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Dehli shahrida sunʼiy intellekt sohasidagi asosiy global voqealardan biri - «AI Impact Summit-2026»da ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«AI Impact Summit-2026» ko‘lami jihatidan misli ko‘rilmagan tadbirga aylandi. Unda sunʼiy intellekt sohasidagi 500 dan ortiq dunyo yetakchilari, 100 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari, 20 ta davlat va hukumat rahbarlari, 60 nafar vazir hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.

Oliy martabali mehmonlar orasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches, Finlyandiya Bosh vaziri Petteri Orpo, shuningdek, Gretsiya, Niderlandiya, Shri-Lanka, Mavrikiy va boshqa ko‘plab davlatlar yetakchilari bor edi. Global tashkilotlar nomidan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva ishtirok etdi.

Sammitning markaziy g‘oyasi sunʼiy intellektni demokratlashtirish zarurligi haqidagi tezis bo‘ldi. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi sunʼiy intellekt tengsizlikni chuqurlashtiruvchi vositaga aylanmasligi, aksincha, inklyuzivlikni taʼminlash hamda huquq va imkoniyatlarni kengaytirish quroli bo‘lishi shartligini taʼkidladi.

Asosiy vazifa - algoritmlar qudratini global muammolarni hal qilishga, yaʼni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash sifatini oshirish va inklyuziv taʼlim muhitini yaratishga yo‘naltirishdan iborat bo‘lishi kerakligi urg‘ulandi. Shu bilan birga, kiberxavfsizlik va mamlakatlar o‘rtasidagi raqamli tafovutning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Sammitning kulminatsion nuqtasi Dehli deklaratsiyasining imzolanishi bo‘ldi. O‘zbekiston ham qo‘shilgan ushbu hujjat mamlakatlarning «inson manfaatlariga yo‘naltirilgan» sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlarini mustahkamladi.

O‘zbekistonning sammitdagi ishtiroki mamlakatimizning o‘sib borayotgan texnologik salohiyati va global kun tartibiga integratsiyalashuv intilishining yorqin namoyishi bo‘ldi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi va AT-sohasining yetakchi tuzilmalari vakillari sammit doirasida yirik xalqaro konsorsiumlar va texnologik kompaniyalar rahbarlari bilan qator mazmunli muzokaralar o‘tkazdi. Muhokamalarning asosiy mavzulari sunʼiy intellekt sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, trening va texnik seminarlar tashkil etish, elektronika sohasida yig‘uv ishlab chiqarishlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar istiqbollari, davlat va xusus sektorlari uchun sunʼiy intellektga asoslangan pilot loyihalarni ishga tushirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma xakatonlar o‘tkazish va boshqalardan iborat bo‘ldi.

Biznes vakillari bilan muloqotdan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Hindistonning ixtisoslashgan idoralarida ham samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi hamda Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligida muzokaralarda tomonlar ushbu sohadagi o‘zaro hamkorlikning «yo‘l xaritasi»ni muhokama qildi. U nafaqat bilim almashinuvini, balki Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan texnologik koridorlarni yaratish bo‘yicha amaliy loyihalarni ham qamrab oladi. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning boshqa muhim masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi.

«AI Impact Summit-2026»dagi ishtirok O‘zbekiston sunʼiy intellektni milliy rivojlanishning strategik ustuvor yo‘nalishi sifatida qarayotganini tasdiqladi. Generativ sunʼiy intellekt shiddat bilan rivojlanayotgan va global bozorlar qayta shakllanayotgan sharoitda, bunday maydonlarda ishtirok etish mamlakatimizga o‘z manfaatlarini ifoda etish, ishonchli sheriklar topish va kelajak iqtisodiyotini qurish uchun investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.

Dehli deklaratsiyasini imzolash orqali O‘zbekiston butun insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi masʼuliyatli va hamma uchun ochiq sunʼiy intellekt tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish