Andrey Babish: O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgani, boy resurslari va iste’dodli insonlar salohiyatidan hayratdaman
Aprel 30, 2026. 20:11 • 2 daq
• 42
TOSHKENT, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistondan jo‘nab ketish arafasida Toshkent-Humo xalqaro ayeroportida “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi:
“Prezidentingiz delegatsiyamizni qabul qilganidan juda mamnunman, bizni juda samimiy kutib olishdi”, – dedi Chexiya hukumati rahbari. – O‘zbekistonning har tomonlama jadal rivojlanib borayotgani, resurslarga boyligi, bu yerda iste’dodli insonlar ko‘pligi, ayniqsa yoshlarning salohiyati menda katta taassurot qoldirdi.
Islom sivilizatsiyasi markazini biz ham borib ko‘rdik. Germaniyada ishlash uchun 400 nafar o‘zbekistonlik hamshira nemis tilini o‘rganayotgan maktabda ham bo‘ldim. Bu biz uchun juda qiziqarli. Prezidentingiz tashabbusi bilan Chexiyaning ŠKODA Transportation kompaniyasi bilan 10 ta poyezd bo‘yicha birinchi shartnomani imzolashga muvaffaq bo‘ldik. Ishonchim komilki, bu hali boshlanishi. Albatta, kompaniyalarimiz qo‘shma korxonalar tashkil etish va aholini ish bilan ta’minlashdan juda manfaatdor.
Men 2019-yilda Bosh vazir sifatida birinchi muddatimda bu yerda bo‘lmaganimdan chindan ham afsusdaman. Chunki keyingi ikki yil COVID sababli ancha vaqt yo‘qotdik. Ammo hozir biz oldinga harakat qilishga tayyormiz. Prezidentingizdan hamkorligimizning barcha yo‘nalishlari aks etgan juda yaxshi kitob oldik.
Yana bir bor ta’kidlayman: bu yerda ekanimdan juda xursandman. Bu yer ajoyib insonlar yashaydigan go‘zal mamlakat. Men uchun bu tashrif juda muvaffaqiyatli bo‘ldi.
Mamlakatda iqtisodiy o‘sish yuqori sur’atda. Davlat qarzi past va zaxiralar katta. Sizlar oltin va kumush eksport qilasizlar, katta mis zaxiralariga ham egasizlar. Xomashyo eksportiga yo‘l qo‘ymaslik juda to‘g‘ri strategiya. Xomashyoga soliq joriy etilgani kompaniyalarni uni qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulotga aylantirishga undashini bilib oldim”.
Chexiya hukumati rahbari “Ko‘ksaroy” qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ko‘tarilgan xalqaro mavzularga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Prezidentining “Biz hozir dunyoda sodir bo‘layotgan barcha urushlarni to‘xtatishimiz kerak. Odamlar tinch-totuv yashashi kerak”, degan fikriga to‘liq qo‘shilishini alohida ta’kidladi.
“Prezidentingiz ajoyib yetakchi va men u bilan samarali muloqot qilganimdan juda xursandman”, – deya xulosa qildi Chexiya Bosh vaziri.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi