Logo

Karachi shahrida “Navoiy viloyati – Sind provinsiyasi” biznes-forumi o‘tkazildi

Aprel 30, 2026. 19:42 • 2 daq

18
Karachi shahrida “Navoiy viloyati – Sind provinsiyasi” biznes-forumi o‘tkazildi
Karachi shahrida “Navoiy viloyati – Sind provinsiyasi” biznes-forumi o‘tkazildi
Karachi shahrida “Navoiy viloyati – Sind provinsiyasi” biznes-forumi o‘tkazildi
Karachi shahrida “Navoiy viloyati – Sind provinsiyasi” biznes-forumi o‘tkazildi

KARACHI, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Navoiy viloyati hokimligi va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyaning Pokistonga tashrifi doirasida Karachi shahrida “Navoiy viloyati – Sind provinsiyasi” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forumda farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, teri va junni qayta ishlash, to‘qimachilik hamda oziq-ovqat sanoati sohalarida faoliyat yuritayotgan Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari hamda nufuzli tadbirkorlar ishtirok etdi.

Iqtisodiy tadbirni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev kirish nutqi bilan ochib berdi.

Elchi o‘z nutqida ikki davlat, xususan, Navoiy viloyati va Sind provinsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashning muhim ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u hududlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun ustuvor bo‘lgan qator yo‘nalishlarni qayd etdi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi va agrosanoat majmuasi, to‘qimachilik va teri sanoati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, farmatsevtika, turizm, logistika va transport infratuzilmasi, ombor xo‘jaligi, taʼminot zanjirlari hamda mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish istiqbolli hamkorlik sohalari sifatida eʼtirof etildi.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov o‘z chiqishida, viloyatning iqtisodiy salohiyati, sanoat imkoniyatlari va investitsiya muhiti haqida batafsil maʼlumot berib, Pokiston ishbilarmon doiralari vakillarini viloyatga investitsiya kiritishga hamda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.

Shundan so‘ng, Navoiy viloyati hokimligi vakillari tomonidan hududning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda, jumladan, viloyatdagi erkin industrial zonalarda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, farmatsevtika, teri va junni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik hamda qurilish materiallari sohalaridagi mavjud imkoniyatlar va istiqbolli loyihalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Tadbir davomida Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan investitsiya kiritish tartiblari, bojxona rasmiylashtiruvi, investitsiya kafolatlari, moliyalashtirish manbalari, logistika yechimlari, huquqiy baza hamda biznesni tartibga soluvchi mexanizmlarga oid qator savollar o‘rtaga tashlandi va ularga batafsil javoblar qaytarildi.

Forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida G2B va B2B formatlarida muzokaralar tashkil etildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish