O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro elektrotexnika ko‘rgazmasida faol qatnashdi
Aprel 30, 2026. 20:08 • 2 daq
• 22
ISTANBUL, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi vakillari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro elektrotexnika sohasidagi ko‘rgazmada faol ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Electric Lightning Energy Smart Technologies” nomli ko‘rgazma doirasida turkiy davlatlar o‘rtasida sarmoyalarni jalb etish va eksport salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yalpi yig‘ilish o‘tkazildi. Ishtirokchilar mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, o‘zaro savdo hajmini kengaytirish hamda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi yig‘ilish davomida turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar haqida tayyorlangan taqdimot namoyish etildi.
Shu bilan birga, diplomatlar “Vatan Kablo”, “Alves” va “Seval” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularni yetkazib berishni tashkil etish va texnologiyalar almashish masalalari ko‘rib chiqildi. Yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va mavjud hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi. O‘tkazilgan muzokaralar yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, eksport hajmini oshirish hamda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga zamin yaratgani taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi