Toshkent shahri navbatdagi xalqaro investitsiya forumiga mezbonlik qiladi
Aprel 13, 2026. 12:15 • 2 daq
• 102
AL-KUVAYT, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. Quvaytning nufuzli “Aljarida” elektron portalida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi va Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, 2026-yilning 16–19-iyun kunlari O‘zbekiston poytaxti “Investitsiya barqarorligi: yangi imkoniyatlar va hamkorliklar”shiori ostida beshinchi bor Xalqaro investitsiya forumiga mezbonlik qiladi. Ushbu nufuzli tadbir mamlakatning mintaqadagi yetakchi investitsiya markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Nashrning yozishicha, forum yuqori makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar fonida o‘tmoqda: 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshgan. Eksport hajmi esa 33,8 milliard dollarni tashkil etib, mamlakatning suveren reytinglari izchil yaxshilanmoqda.
Forumning markaziy mavzularidan biri sifatida 2026-yil mart oyida tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliyaviy markazi (TXMM) faoliyati taqdim etiladi. Mazkur markaz alohida huquqiy rejim asosida faoliyat yuritib, investorlar uchun 2076-yilgacha amal qiladigan soliq imtiyozlari va maʼmuriy to‘siqlarsiz biznes muhitini kafolatlaydi. Shuningdek, tadbir kun tartibida energetika transformatsiyasi, “yashil” moliyalashtirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish kabi strategik masalalar muhokama qilinadi. Hozirgi kunda mamlakatda davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar hajmi 28 milliard dollarga yetgani sohaga bo‘lgan yuqori qiziqishdan dalolat beradi.
“Aljarida”ning qayd etishicha, bo‘lajak forumda Janubiy Koreya, AQSH, Turkiya, Xitoy va SHHT davlatlari bilan keng ko‘lamli investitsiyaviy muloqotlar kutilmoqda. Avvalgi forumda 30,5 milliard dollarlik kelishuvlar imzolanganini inobatga olsak, bu galgi anjuman nafaqat muloqot maydoni, balki O‘zbekistonning investitsiya siyosatini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqaruvchi asosiy vositaga aylanishi kutilmoqda. Maqola xulosasida aytilishicha, Toshkentdagi ushbu forum Markaziy Osiyoda kapitalni himoya qilish va global noaniqlik sharoitida barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlashning yangi formatlarini shakllantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi