Afg‘oniston va O‘zbekiston 520 million dollarlik yangi savdo shartnomalarini imzoladi
Aprel 13, 2026. 15:00 • 2 daq
• 132
KOBUL, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonning yetakchi “TOLOnews” axborot agentligi elektron nashrida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning yangi bosqichiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning maʼlum qilishicha, Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi tomonidan tashkil etilgan biznes konferensiya doirasida umumiy qiymati 520 million dollarlik navbatdagi savdo shartnomalari imzolandi. Palata rahbari Said Karim Hoshimiy so‘nggi olti oy ichida ikki mamlakat iqtisodiy institutlari o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan darajada kengayganini alohida qayd etdi.
Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston savdo delegatsiyalarining Afg‘onistonga tez-tez tashrif buyurishi tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni faollashtirdi. Ushbu jarayonlar natijasida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, tog‘-konchilik, transport, logistika, qurilish va energetika sohalarida umumiy qiymati 1,4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishilgan. Xususan, “TOLOnews” maʼlumotlariga ko‘ra, faqat so‘nggi ikki oy ichida xususiy sektor vakillari o‘rtasida 1,415 milliard dollarlik 100 dan ortiq bitimlar imzolangan.
Anjuman davomida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat tadbirkorlari Afg‘onistonda sement, elektr kabellari, farmatsevtika va poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda investitsiya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirdi. O‘z navbatida, Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuruddin Aziziy o‘zbek mahsulotlari uchun afg‘on bozori eng qulay maydon ekanini taʼkidladi.
Nashrning xulosa qilishicha, Afg‘oniston O‘zbekiston bilan hamkorlik orqali muqobil savdo va tranzit yo‘laklarini yaratishga, shu yo‘l bilan tashqi savdodagi qaramlikni kamaytirishga harakat qilmoqda. Bu kabi izchil iqtisodiy muloqotlar mintaqaviy barqarorlik va o‘zaro manfaatli qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi