O‘zbekiston Xitoyning yana bir mintaqasi bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda
Aprel 16, 2026. 16:30 • 2 daq
• 162
CHANSHA, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Xitoyning Xunan provinsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Sanoat, mashinasozlik, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va taʼlim sohalari mazkur hudud bilan hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilanmoqda.
O‘zbekiston elchixsi Farxod Arziyevning Xunan provinsiyasiga amaliy tashrif doirasida gubernator Mao Veymin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mao Veymin O‘zbekiston Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi muhim sheriklaridan biri, do‘stona qo‘shni va strategik hamkor ekanini taʼkidladi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston hududlari va Xunan provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Rasmiy va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol almashinuv, savdo va investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi ijobiy baholandi.
Xunan provinsiyasi O‘zbekiston hududlari bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirish, qo‘shma tadbirlar tashkil etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Maʼlumot uchun, Xunan provinsiyasi Xitoyda aholi soni bo‘yicha 7-o‘rinda, hududiy maydoni bo‘yicha esa 10-o‘rinda turadi. Uning maʼmuriy markazi Chansha shahri hisoblanadi.
Viloyat iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati yetakchi o‘rin tutadi. Asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari sifatida sholi, tamaki va sitrus mevalari keng miqyosda yetishtiriladi. Shu bilan birga, Xunan Xitoyning foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha muhim markazlaridan biri sanaladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi