O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi nufuzi oshib bormoqda
Fevral 19, 2026. 17:20 • 5 daq
• 25
TOSHKENT, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobul Tursunov “Dunyo” AA uchun O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi natijalarini sharhlab, ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholashdagi ahamiyatini taʼkidladi:
– Bugungi globallashuv davrida davlatning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni uning nufuzi va taraqqiyot darajasini belgilaydigan muhim mezonga aylandi. Zotan, bu ko‘rsatkichlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy sohalardagi islohotlari va boshqaruv samaradorligini namoyon etadi.
Mamlakatimizda ham keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli va xalqchil islohotlar natijasida xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlar izchil yaxshilanmoqda. Milliy baholash mezonlarini xalqaro talablarga moslashtirish, huquqiy va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish bu borada muhim omil bo‘lmoqda. Zero, xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash mamlakat obro‘sini mustahkamlash, investorlar ishonchini oshirish va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi.
Eʼtiborga molik jihati, mazkur yo‘nalishda parlament ishtiroki va nazorati faollashdi. So‘nggi besh yil davomida mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rniga taʼsir qiluvchi 20 dan ortiq strategiya, 5 ta kodeks, 35 ta qonun, 4 ta konsepsiya va 60 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani fikrimiz tasdig‘idir. Qolaversa, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida davlat organlari rahbarlarining axborotlari muntazam eshitib borilmoqda.
Boshlangan ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish va parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida 2024-yil 19 iyunda davlatimiz rahbarining farmoni bilan Senat raisi boshchiligidagi Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi faoliyati takomillashtirildi. Davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamiyatni demokratlashtirish va ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan islohotlarni izchil davom ettirish Kengashning asosiy vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishda parlament ishtirokini taʼminlash orqali hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Respublika kengashining ishchi organlari — Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligiga ustuvor reytinglar bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni doimiy monitoring qilish, past indikatorlar sabablarini bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritish va xalqaro metodologiyalarni chuqur o‘rgangan holda har yili Senatga asoslangan takliflar taqdim etish vazifasi yuklatilgan.
O‘tgan yil yakunlari shuni ko‘rsatmoqdaki, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda amalga oshirilgan islohotlar xalqaro reyting va indekslarda aniq natijalar bilan namoyon bo‘ldi. Ularni birma-bir sanab o‘tamiz.
Jumladan, The Heritage Foundation tuzadigan “Iqtisodiy erkinlik” indeksida O‘zbekiston 58 ball to‘plab, 184 davlat orasida 100-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,1 balllik o‘sish va 3 pog‘ona yuqorilash demakdir. Mamlakat MDHda 5-o‘rinni, Markaziy Osiyoda 2-o‘rinni qayd etdi. 12 indikatordan 8 tasida ijobiy dinamika kuzatilgani iqtisodiy liberallashuv izchil davom etayotganini anglatadi.
Xususan, “Organisation for Economic Cooperation and Development” xatarlarni tasniflash tizimida O‘zbekiston 1999 yildan buyon baholanib keladi. 2008 yilda 7-guruhdan 6-guruhga, 2019 yilda esa valyuta konvertatsiyasi erkinlashtirilishi va suveren reyting olinishi ortidan 5-guruhga ko‘tarilgan. Bugungi kunda yetakchi agentliklar — S&P Global Ratings, Moody‘s va Fitch Ratings — mamlakat reytingini “BB”dan “BB” darajasiga oshirgani yoki kutilmani “ijobiy”ga o‘zgartirgani moliyaviy barqarorlik mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
“United Nations Development Programme” hisoblaydigan Inson kamoloti indeksida 0,740 ball qayd etildi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni 193 davlat orasida 107-o‘ringa olib chiqib, “yuqori inson taraqqiyoti” toifasiga kiritdi. Jon boshiga daromad 3 500 dollarga yetgani, maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga, oliy taʼlim 42 foizga oshgani, o‘rtacha umr ko‘rish 75,1 yoshga yetgani inson kapitaliga qaratilgan siyosat samarasini ifoda etadi.
“World Bank”ning Logistika samaradorligi indeksida O‘zbekiston 11 pog‘onaga yaxshilanib, 139 davlat ichida 88-o‘rinni egalladi (MDHda 5-o‘rin, Markaziy Osiyoda 2-o‘rin). Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida 6 pog‘onaga ko‘tarilib, 193 davlat orasida 63-o‘rin qayd etildi hamda “yuqori” guruhdan “juda yuqori” guruhga o‘tgan 17 davlat qatoridan joy oldi. Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksida esa 153 davlat orasida 88-o‘ringa ko‘tarildi (0,018 ball).
“World Intellectual Property Organization”ning Global innovatsiya indeksida O‘zbekiston 139 mamlakat ichida 79-o‘rinni egallab, 4 pog‘ona yuqoriladi. Mintaqada Hindiston (38-o‘rin), Eron (70-o‘rin), O‘zbekiston (79-o‘rin) va Qozog‘iston (81-o‘rin) kuchli to‘rtlikni tashkil etdi.
“Sustainable Development Solutions Network” yuritadigan Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 166 davlat orasida 81-o‘rindan 62-o‘ringa ko‘tarildi (+19 pog‘ona). 2015–2024 yillar natijalariga ko‘ra, mamlakat dunyoda beshinchi, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada birinchi o‘rinni egallab, “global namuna” sifatida qayd etildi.
World Bankning “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 82,5 ball bilan 48 pog‘onaga ko‘tarilib, 190 davlat ichida 91-o‘rinni egalladi. Bu natija O‘zbekistonni gender tenglik bo‘yicha islohotlarni jadal amalga oshirgan 5 davlat qatoriga kiritdi va Markaziy Osiyoda yetakchilikni taʼminladi.
Statistik salohiyat bo‘yicha Jahon bankining yangilangan baholashida O‘zbekiston 80,3 ball to‘plab, 17 pog‘onaga ko‘tarildi va 217 davlat orasida 62-o‘rinni qayd etdi. Boshqaruv sifati indikatorlarida 6 yo‘nalishdan 4 tasida o‘sish kuzatildi.
“World Justice Project”ning Huquq ustuvorligi indeksida 0,50 ball bilan 81-o‘rin qayd etildi (+2 pog‘ona). 8 indikatordan 5 tasida o‘sish kuzatilgani postsovet makonida ijobiy dinamika namoyon etgan yagona davlat sifatida qayd etilishiga zamin yaratdi.
“Ayni paytda, Transparency International”ning Korrupsiyani qabul qilish indeksida 32 ball bilan 121-o‘rin, Reporters Without Bordersning Matbuot erkinligi indeksida 35,24 ball bilan 148-o‘rin o‘zgarishsiz qolgani mazkur yo‘nalishlarda islohotlarni yanada chuqurlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Taʼkidlash joizki, 2025 yilda erishilgan natijalar mamlakatimizda iqtisodiy ochiqlik, inson kapitali rivoji, innovatsiya va boshqaruv samaradorligi bo‘yicha izchil siljish kuzatilayotganini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, ayrim institutsional sohalarda barqaror va chuqur islohotlarni davom ettirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Xalqaro reyting agentliklari o‘tkazayotgan so‘rov va baholash jarayonlarida O‘zbekistonda ayrim sohalarda erishilayotgan yutuqlar to‘liq aks etmayotgani mamlakatning baʼzi indekslarda quyiroq pog‘onalarda qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa reyting tuzuvchi tashkilotlar bilan tizimli va ochiq hamkorlikni kuchaytirishni, vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqidagi maʼlumotlarni xalqaro maydonga o‘z vaqtida va aniq yetkazishni taqozo etadi.
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning eng samarali yo‘llaridan biri — targ‘ibot va ochiqlikdir. Yaʼni, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning amaliy samarasini nafaqat xalqaro hamjamiyatga, balki avvalo o‘z aholisiga aniq raqam va dalillar asosida ko‘rsata bilish zarur.
Xulosa qilib aytganda, xalqaro reyting va indekslar mamlakat taraqqiyotining ko‘zgusiga aylanishi kerak. Ana shunda bu ko‘zguda o‘z mehnati va saʼy-harakatlari natijasini ko‘rgan xalqimizning davlat siyosatiga ishonchi yanada mustahkamlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
