Logo

Xorazm viloyati delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul va Trabzonga amaliy tashrif bilan bordi

Fevral 19, 2026. 14:31 • 3 daq

78
Xorazm viloyati delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul va Trabzonga amaliy tashrif bilan bordi
Xorazm viloyati delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul va Trabzonga amaliy tashrif bilan bordi
Xorazm viloyati delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul va Trabzonga amaliy tashrif bilan bordi
Xorazm viloyati delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul va Trabzonga amaliy tashrif bilan bordi

ISTANBUL, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari ko‘magida Xorazm viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Istanbul va Trabzon shaharlariga amaliy tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan viloyat turizm va maktabgacha taʼlim boshqarmasi vakillari, Urganch davlat universiteti rahbariyati hamda 12 nafar tadbirkor o‘rin oldi.

Tashrif doirasida hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, taʼlim, turizm va sanoat sohalarida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuv va tadbirlar o‘tkazildi.

Delegatsiya aʼzolari Istanbulda viloyat gubernatori Davud Gul bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot jarayonida ikki tomonlama hududlararo aloqalarni institutsional darajada kengaytirish, turizm oqimini oshirish va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida sheriklikni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.

Istanbul universiteti rahbariyati bilan uchrashuvda taʼlim, akademik almashinuv dasturlari, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va talabalar mobilligini rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiya Istanbuldagi “İkitelli” sanoat zonasiga tashrif doirasida ishlab chiqarish infratuzilmasi, klaster tizimi va investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Suhbat jarayonida turk investorlarini Xorazm viloyatiga jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“MÜSİAD” (mustaqil sanoatchilar uyushmasi) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan biznes-forumda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida “B2B” shaklida uchrashuvlar o‘tkazildi. Sanoat kooperatsiyasi, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, qurilish materiallari va xizmatlar sohasidagi loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Delegatsiya vakillari Trabzon shahrida gubernator Tohir Shaxin bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda Qora dengiz hududi bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, logistika va turizm yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Trabzon shahar hokimi o‘rinbosari Axmet Gulay bilan uchrashuvda shaharlar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, madaniy va taʼlim almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat delegatsiyasi Trabzon Savdo-sanoat palatasida tashkil etilgan biznes-forumda ishtirok etdi. Forumda turizm infratuzilmasi, mehmonxona xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari taqdim etildi.

Trabzon Turizm va madaniyat boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki hududning turistik salohiyatini o‘zaro targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuvlar yakunida Istanbul, Trabzon va Xiva shaharlarida “Madaniyat va turizm kunlari”ni o‘tkazish, “Urganch–Istanbul” aviaqatnovlar sonini oshirish, “Urganch–Trabzon” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida fikr almashildi. Trabzon Savdo-sanoat palatasi rahbari boshchiligida turk ishbilarmonlar delegatsiyasining Xorazm viloyatiga amaliy tashrifini tashkil etish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.

Amaliy tashrif davomida Xorazm viloyati delegatsiyasi tomonidan Turkiyaning yetakchi hududlari bilan institutsional va biznes darajasida mustahkam aloqalar o‘rnatildi. Uchrashuv va biznes-forumlar natijasida qator istiqbolli investitsiya va kooperatsiya loyihalari yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashrif Xorazm viloyatining tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda turizm va taʼlim sohalarida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish