“Axios”: AQSH va Eron hujumlarni to‘xtatishga va shu hafta uchrashishga kelishib oldi
Iyun 29, 2026. 16:30 • 2 daq
• 10
VASHINGTON-TEHRON, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSH va Eron Fors ko‘rfazi mintaqasida ikki haftadan kamroq vaqt davomida amalda bo‘lgan mo‘rt sulh bitimini xavf ostiga qo‘ygan o‘zaro zarbalar almashinuvidan so‘ng muzokaralarni qayta tiklashga kelishib oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Axios” portaliga tayanib.
Vashington shu hafta Dohada texnik muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi. Ular ertagayoq boshlanishi mumkin va asosiy eʼtibor Hurmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq masalalarga qaratiladi.
Portalning amerikalik rasmiy manbaga tayanib xabar berishicha, tomonlar zarbalarni vaqtincha to‘xtatish hamda Hurmuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalarining erkin harakatlanishini taʼminlashga kelishib olgan. Biroq Eron bu kelishuvni rasman tasdiqlamadi.
Muzokaralar qayta tiklanishidan avval to‘rt kun davomida yangi keskinlik kuzatildi. AQSH va Eron bir-birini “barcha jabhalarda harbiy amaliyotlarni zudlik bilan va butunlay to‘xtatishni” ko‘zda tutuvchi 17-iyundagi sulhni buzganlikda aybladi.
O‘tgan hafta Eron snaryadi Hurmuz bo‘g‘ozidagi yuk kemasiga kelib tekkanidan so‘ng, amerikalik harbiylar Eronning kuzatuv infratuzilmasi, aloqa tizimlari, havo hujumidan mudofaa obyektlari, dron omborlari va minalashtirish salohiyatiga zarbalar berdi. Bunga javoban Eron AQSHning Bahrayn va Quvaytdagi harbiy obyektlariga raketalar va dronlar bilan hujum qildi.
Zarbalar almashinuvi AQSH Prezidenti Donald Trampning yangi tahdidlari bilan birga kechdi. U “Truth Social”dagi postida agar Tehron kelishuvdan voz kechsa, “Eron Islom Respublikasi degan davlat boshqa bo‘lmasligi”ni va AQSH “bu ishni harbiy yo‘l bilan yakunlashga” tayyor ekanini maʼlum qildi. Eron esa, o‘z navbatida, muzokaralarni butunlay to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.
Shu oy boshida Shveysariyada yuqori darajadagi muzokaralar raundi bo‘lib o‘tgan, unda AQSH va Eron vakillari bo‘lajak aloqalarning, jumladan, Eron yadroviy dasturi va AQSH sanksiyalari masalalarining asosiy shartlarini muhokama qilgan edi.
“AFP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi