O‘zbekiston va Polsha mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

Iyun 29, 2026. 15:00 • 2 daq

13
O‘zbekiston va Polsha mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

VARSHAVA, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Polshaning “LeasingTeam Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida Polsha va Yevropaning boshqa davlatlarida mamlakatimiz fuqarolarini uyushgan holda ishga joylashtirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekistonning mehnat va kadrlar salohiyati, mutaxassislarning kasbiy tayyorgarlik darajasi, shuningdek, ularni Yevropa mehnat bozorida qonuniy ishga joylashtirish imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdi.

Polsha kompaniyasi vakillari logistika sohasida, jumladan, haydovchi va yig‘uvchi kasblari bo‘yicha 500 ga yaqin, axborot texnologiyalari sohasida 200 ta hamda bank tizimida 65 ta bo‘sh ish o‘rni mavjudligini maʼlum qildi.

Shuningdek, viza rasmiylashtirish, mehnat qilish uchun ruxsatnoma olish va xorijiy fuqarolarni ishga jalb etishdagi amaliy muammolar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston elchixonasiga biriktirilgan 33 ta texnikum va kollej hamda Polsha oliy taʼlim muassasalari ishtirokida “Work, Travel and Study” tamoyili asosida pilot loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida bo‘sh ish o‘rinlari, ish beruvchilarning talablari va mehnat sharoitlari to‘g‘risida muntazam maʼlumot almashishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, pilot loyihalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“LeasingTeam Group” 23 yildan ortiq vaqtdan buyon Polsha mehnat bozorida faoliyat yuritib, qariyb 800 nafar ish beruvchi bilan hamkorlik qilmoqda. Kompaniya Germaniya, Ruminiya, Chexiya va boshqa Yevropa mamlakatlarida ham rekruting loyihalarini amalga oshirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish