Urumchida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda

Iyun 29, 2026. 13:00 • 2 daq

82
Urumchida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda
Urumchida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda
Urumchida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda

URUMCHI, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Urumchi shahrida bo‘lib o‘tayotgan IX xalqaro “Xitoy – Yevroosiyo EKSPO” ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasi namoyish etilmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Milliy pavilyon O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etildi. Ekspozitsiyadan xalq hunarmandchiligi buyumlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qandolat va oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik hamda kiyim-kechak mahsulotlari o‘rin olgan.

Milliy uslubda bezatilgan O‘zbekiston pavilyoni va unda taqdim etilayotgan mahsulotlarning xilma-xilligi ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Tashkilotchilar fikricha, mamlakatimiz korxonalarining xalqaro ko‘rgazmalardagi ishtiroki ularning eksport salohiyatini mustahkamlash, yangi xorijiy sheriklar topish, savdo kompaniyalari va ishbilarmon doira vakillari bilan bevosita aloqalar o‘rnatish, shuningdek, istiqbolli eksport shartnomalarini muhokama qilishga yordam beradi.

“Xitoy – Yevroosiyo EKSPO” ko‘rgazmasi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, yangi eksport bozorlarini o‘zlashtirish va investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan eng yirik xalqaro maydonlardan biri sanaladi. Har yili unda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 12 mingdan ziyod kompaniya ishtirok etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish