“Badoeʼ ul-bidoya”ning Istanbulda saqlanayotgan noyob nusxasi nashr etildi
Fevral 25, 2026. 11:45 • 2 daq
• 33
ISTANBUL, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Alisher Navoiyning “Badoeʼ ul-bidoya” devonining Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasi ilk bor faksimile shaklida nashr etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu xayrli tashabbus O‘zbekiston Madaniy meros agentligi hamda Islom hamkorlik tashkilotining Istanbulda joylashgan Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) tomonidan yuritilgan qo‘shma ilmiy loyiha natijasida amalga oshirildi.
Qayd etilishicha, olimlar bugunga qadar asarning Parij, London, Tehron, Boku va Toshkentdagi nusxalarini tadqiq etgan. Istanbuldagi nusxaning chop etilgani “Badoeʼ ul-bidoya”ni yanada chuqurroq o‘rganishga imkon yaratadi. Chunki, ushbu nusxa Navoiyga zamondosh bo‘lgan mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan 1484–1485-yillarda Hirotda ko‘chirilgani bilan juda qadrlidir.
Tadqiqotlar Alisher Navoiy va Sulton Ali Mashhadiy o‘rtasida ko‘plab ilmiy hamkorlik bo‘lganini ko‘rsatadi. Navoiyshunos olim Aftondil Erkinovga maʼlumotiga ko‘ra, “Mazkur qo‘lyozmaning Alisher Navoiy nazorati ostida ko‘chirilgani ancha aniq. Chunki, sababi deyarli o‘sha payt 1483–1485-yillari Alisher Navoiy o‘z “Xamsa”sini Hirotda yozayotgan edi. Ayni paytda Sultonali Mashhadiy Hirotda 889/1484–1485-yili “Badoeʼ ul-bidoya” devonini ko‘chirgan. Demak, uni Alisher Navoiy ko‘rgani asosli”.
Filologiya fanlari doktori, professor Aftondil Erkinov va tarix fanlari doktori Ashirbek Mo‘minov tomonidan nashrga tayyorlangan “Badoeʼ ul-bidoya” devonining Istanbul nusxasi nashr etilgani uni tadqiq qilayotgan navoiyshunos olimlarimiz uchun qulaylik yaratib, ilmiy tadqiqotlarda keng foydalaniladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
