Logo

Buyuk Britaniya bilan tibbiyot sohasidagi hamkorlik yanada kengaytiriladi

Fevral 25, 2026. 10:38 • 2 daq

4
Buyuk Britaniya bilan tibbiyot sohasidagi hamkorlik yanada kengaytiriladi

LONDON, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligining Sog‘liqni saqlash bo‘yicha hamkorlik boshqarmasi (Healthcare UK) vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida Birlashgan Qirollikning palliativ yordam va xospis xizmatlari ko‘rsatish borasidagi boy tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish, sohadagi yetakchi tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, “St Christopher‘s Hospice”, “Julia‘s House”, “Maria Curie” kabi nufuzli muassasalar bilan tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Muloqot chog‘ida Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutasaddilari mamlakatimizda palliativ yordam tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish strategiyasiga to‘xtaldi. Bunda asosiy eʼtibor uy sharoitida sifatli xizmat ko‘rsatish, bemorlarning oila aʼzolari va parvarishlovchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda bolalar palliativ yordamini xalqaro standartlar asosida tashkil etishga qaratildi.

“Healthcare UK” vakillari Britaniyaning ixtisoslashtirilgan kompaniyalari va yetakchi universitetlari ushbu ustuvor yo‘nalishlarda O‘zbekistonga uslubiy va amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Mazkur boshqarma Britaniya sog‘liqni saqlash tizimidagi ilg‘or texnologiyalar va xizmatlarni xorijga eksport qilishda asosiy ko‘makchi tuzilma hisoblanadi.

Bu kabi xalqaro hamkorlik aloqalarining kengayishi Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, ko‘makka muhtoj va og‘ir xastalikka chalingan fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash borasidagi islohotlarning muhim tarkibiy qismidir.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish