Logo

O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsadni belgilab olgan

Fevral 25, 2026. 10:17 • 3 daq

59
O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsadni belgilab olgan
O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsadni belgilab olgan

ISLOMOBOD, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy «Associated Press of Pakistan» axborot agentligi, «The Nation», «Daily Ittehat» va «Daily Financial Times» gazetalari O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikka bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«Pokiston va O‘zbekiston o‘zaro savdo hajmini 2 milliard AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsad belgilab, iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy integratsiyani jadallashtirishga qaratilgan 28 ta bitimni imzoladi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda muhim bosqichni belgiladi», – deyilgan maqolalarda.

Maʼlum qilinganidek, joriy yil 5-6-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tarixiy davlat tashrifi bilan Islomobodda bo‘ldi. Tashrif doirasida Pokiston Prezidenti va Bosh vaziri bilan samarali muzokaralar o‘tkazildi.

Ikki davlat rahbari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga sodiqliklarini tasdiqlovchi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. «Tashrifning eng muhim natijalaridan biri — kelgusi besh yil davomida yillik savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Imzolangan bitim va anglashuv memorandumlari tashqi ishlar, imtiyozli savdo, mudofaa, iqlim o‘zgarishi, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, axborot texnologiyalari, fan, taʼlim, madaniyat, dengiz hamkorligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, konchilik, geofanlar, kichik va o‘rta biznes sport hamda giyohvandlikka qarshi kurashish kabi keng qamrovli sohalarni o‘z ichiga oladi», – deya taʼkidlangan materiallarda.

Nashrda, shuningdek, o‘zaro savdoni yengillashtirish maqsadida tomonlar Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha protokolni imzoladilar. Unga har ikki mamlakatdan 40 dan ortiq yangi mahsulot turlari kiritildi.

Bundan tashqari, ishbilarmonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni va xususiy sektor hamkorligini rag‘batlantirish maqsadida Pokiston–O‘zbekiston hududlararo forumi taʼsis etildi.

Yana bir muhim kelishuv – bu tomonlar o‘rtasida imzolangan dengiz hamkorligi bo‘yicha anglashuv memorandumidir. Unga ko‘ra, Karachi, Gvadar va «Port Qasim» portlarida imtiyozli sharoitlar yaratilib, dengiz yo‘llariga yana-da qulay chiqish imkoniyati taʼminlanadi.

Pokiston OAVga ko‘ra, energetika va atrof-muhit masalalari ham muzokaralarda markaziy o‘rin tutdi. Ikki mamlakat ekologiya, iqlim o‘zgarishiga moslashish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Bu ularning barqaror taraqqiyotga bo‘lgan umumiy intilishini namoyon etadi.

«Mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash masalasi, xususan, taklif etilayotgan Trans-Afg‘on temir yo‘l yo‘lagi loyihasi alohida eʼtibor markazida bo‘ldi. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yuk tashish muddati 35 kundan 3–5 kungacha qisqaradi, logistika xarajatlari 40 foizgacha kamayadi. Dastlabki bosqichda yillik 3 million tonna yuk tashish rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik bu ko‘rsatkichni 15–20 million tonnagacha oshirish imkoniyati mavjud», – deb urg‘ulangan manbalarda.

Ikki davlat rahbarlari hamraisligida o‘tkazilgan biznes-forum doirasida umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalar portfeli taqdim etildi. Shu bilan birga, xususiy sektor hamkorligini institutsionallashtirish maqsadida O‘zbekiston–Pokiston Biznes kengashi tashkil etildi.

Maqolalar yakunida yozilganidek, «O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi sanoat hamkorligi raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi almashinuvlarni qamrab olgan holda kengayapti. Ayni paytda to‘qimachilik va farmatsevtika kabi anʼanaviy tarmoqlardagi hamkorlik ham izchil ravishda rivojlanmoqda».

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish