Logo

Misr OAV: Rasmiy Toshkent va Qohira o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda barqarorlik va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda

Fevral 25, 2026. 09:16 • 2 daq

72
Misr OAV: Rasmiy Toshkent va Qohira o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda barqarorlik va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda

QOHIRA, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Xalqaro islom akademiyasi rektori, ISESCO Ijroiya kengashi aʼzosi Muzaffar Komilov Misr ommaviy axborot vositalariga – “al-Yaum as-Sabiʼ”, “Al-Diplomasi” va “Al-Xabar al-Yaum” axborot agentliklariga bergan intervyusida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning tarixiy ildizlari va bugungi jadal rivojlanish surʼatlari haqida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

– Misr insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimiy markazlaridan biri sifatida bugungi kunda ham islom olami va Afrika qitʼasida yuksak nufuzga ega. O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, Movarounnahr va Misr zaminida yashab ijod qilgan buyuk allomalarning ilmiy merosi buning yaqqol dalilidir.

Xususan, buyuk olim Ahmad al-Farg‘oniy tomonidan Qohirada bunyod etilgan “Nilomer” inshooti ikki xalq o‘rtasidagi abadiy do‘stlik ramzi bo‘lib qolmoqda. Misr O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib (1991 yil 26 dekabr) tan olgan arab davlatlaridan biridir. 1992-yilda o‘rnatilgan diplomatik aloqalar bugungi kunda o‘zaro hurmat va manfaatdorlik asosida yangi bosqichga chiqdi.

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Abdulfattoh as-Sisining siyosiy irodasi tufayli munosabatlar “har tomonlama strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi. 2018 va 2023-yillardagi oliy darajadagi tashriflar iqtisodiy, xavfsizlik va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning poydevorini mustahkamladi. “Yangi O‘zbekiston” strategiyasi va “Misr qarashi – 2030” dasturlari o‘rtasidagi uyg‘unlik iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham aks etmoqda.

2018-yildan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb to‘qqiz baravarga oshib, 2024-yil yakunlariga ko‘ra 54,8 million dollarni tashkil etdi. Hozirda O‘zbekistonda Misr sarmoyasi ishtirokidagi 29 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, misrlik investorlar esa farmatsevtika, energetika va to‘qimachilik sohalariga 1,2 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Madaniy-maʼrifiy sohada ham aloqalar misli ko‘rilmagan darajada faollashdi. Misrdan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni ziyorat turizmi yo‘nalishida sezilarli ortgan bo‘lsa, misrlik tadqiqotchilar uchun Imom Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda. 2024-yilda “Al-Azhar” universiteti delegatsiyasining tashrifi va arab tilini o‘qitish markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslar taʼlim sohasidagi muvaffaqiyatli qadamlardan bo‘ldi.

Bugungi kunda ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida 170 dan ortiq talaba va tadqiqotchilar o‘zaro almashinuv dasturlarida ishtirok etmoqda. Qohira va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani esa nafaqat turizm, balki transport-logistika aloqalarini rivojlantirish va Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy mavqeini tiklashga xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish