Logo

Farg‘onaning ho‘l va quritilgan mevalari Malayziyaga eksport qilinadi

Yanvar 23, 2026. 08:15 • 2 daq

136
Farg‘onaning ho‘l va quritilgan mevalari Malayziyaga eksport qilinadi
Farg‘onaning ho‘l va quritilgan mevalari Malayziyaga eksport qilinadi

KUALA-LUMPUR, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi va eksportga yo‘naltirilgan korxonalar vakillaridan iborat Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Malayziyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida Malayziyaning eng yirik meva importchilari va distribyutorlari bo‘lgan “Nature‘s Best Sdn Bhd” va “Hoi Yong Fruits Marketing Sdn Bhd” kompaniyalari vakillari bilan qator uchrashuvlar tashkil qilindi.

“Nature‘s Best Sdn Bhd” kompaniyasi bosh direktori Linus Lining so‘zlariga ko‘ra, Malayziya bozori, asosan, AQSh, Turkiya, Janubiy Afrika, Misr, Avstraliya va Xitoydan ho‘l mevalarni import qiladi. O‘zbekiston gilosi esa shirinligi va ertapisharligi bilan AQSh va Turkiyaning shu kabi mahsulotlari oldida bemalol raqobatlasha oladi.

Tadbirkorning taʼkidlashicha, Malayziya bozorida, ayniqsa, qarsildoq, shirin va yirik kalibrli (diametri 28-32 mm) gilosga talab yuqori.

“Mavsum davomida O‘zbekistondan haftasiga 4 tonnagacha gilosini muntazam yetkazib kelish imkoniyati mavjud. Havo transporti orqali tezkor va sifatli logistika yo‘lga qo‘yilsa, mahalliy mahsulotlar Malayziya bozorida o‘z o‘rnini mustahkam egallay oladi”, - deydi kompaniya direktori.

Uchrashuv davomida “Hoi Yong Fruits Marketing Sdn Bhd” savdo kompaniyasi raisi ham O‘zbekistondan import qilinayotgan ho‘l mevalarni 250-500 grammdan yengil va shaffof plastik idishlarga qadoqlab, keyinchalik karton gofra qutilarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat supermarketlariga yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadoqlash usuli mevalarni tashishda shikastlanish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Bundan tashqari, Malayziya kompaniyalari O‘zbekistonda yetishtiriladigan o‘rik, uzum, shaftoli, anor, limon, anjir, qovun kabi boshqa turdagi yangi mahsulotlarni ham import qilishga tayyorligini bildirdi va mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining yirik eksportchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish