Nyu-Yorkda o‘zbek milliy trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlari namoyish qilindi
Yanvar 24, 2026. 10:00 • 2 daq
• 146
NYU-YORK, 24-yanvar. /“Dunyo” AA/. AQSHdagi “Jacob K. Javits Convention Center” ko‘rgazmalar majmuasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati sohasi bo‘yicha “Texworld” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur xalqaro ko‘rgazma dunyoning turli mamlakatlaridagi yirik ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni birlashtirdi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Bosh konsulxonasi ko‘magida vakillarimiz mamlakatimiz hududida ishlab chiqarilgan keng turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini namoyish etdi. Milliy stendda xalqaro sifat standartlariga javob beradigan matolar, trikotaj, tayyor tikuvchilik mahsulotlari va boshqa turdagi to‘qimachilik mahsulotlari ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston kompaniyalarining “Texworld” platformasidagi ishtiroki mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini xorijiy bozorlarga sotish, sohaning eksport salohiyatini kengaytirishga imkon berdi. Xorijiy hamkorlar, xaridorlar va xalqaro brendlar vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga zamin yaratildi.
Taqdim etilgan ekspozitsiyada O‘zbekistonda xomashyoni chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish va milliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aks ettirilgan.
Ko‘rgazmaning ishbilarmonlik dasturi doirasida uchrashuv va muzokaralar ham tashkil etildi. Muloqot jarayonlarida kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, yetkazib berish shartlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston biznesining “Texworld”dagi vakolatxonasi xorijiy hamkorlarning O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishi va ularning jahon bozori talablariga javob berishi alohida taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
