Qulay tadbirkorlik muhiti Kegeylidagi yirik loyihalar rivojiga xizmat qilmoqda

Sentabr 18, 2026. 15:20 • 2 daq

63
Qulay tadbirkorlik muhiti Kegeylidagi yirik loyihalar rivojiga xizmat qilmoqda

TOSHKENT, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida bugun “Kegeyli baraka naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mazkur yirik korxona Prezidentimizning 2024-yil 28- iyundagi parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir qarori asosida tashkil etildi. Loyihaning umumiy qiymati 7,8 million dollarni tashkil etadi. 21 gektar maydonni egallagan korxona ishga tushishi bilan 70 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yuqori bo‘lib, 200 ming tovuq boqish imkoniyatiga ega. Hozirgi kunda bu yerda 130 ming tovuq parvarish qilinmoqda. Korxona davlat byudjetiga 4,8 milliard so‘m tushum keltirib, tuman iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shmoqda.

Majmuada yiliga 27,5 million dona inkubatsion tuxum yetishtiriladi. Ushbu tuxumlar tovuq va 1 kunlik jo‘ja holida sotuvga chiqariladi.

Bugun Kegeylida mana shunday zamonaviy majmua barpo etilgani yaxshi natija ekani qayd etildi. Bunday loyihalar nafaqat mahsulotlari tannarxi, balki hududning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim ekaniga eʼtibor qaratildi.

Tovuqlarni sifatli ozuqa bilan taʼminlash masalasi ham korxonaning o‘zida hal etilgan. Bu yerda sutkasiga 100 tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan alohida zavod qurilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan.

Ilgari Qoraqalpog‘istonga tovuq va tuxum mahsulotlari mamlakatimizning boshqa hududlaridan keltirilar edi. Ushbu korxona Orolbo‘yi hududining bu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini qondiribgina qolmay, mahsulotni xorijga ham eksport qilmoqda.

Joriy yilning sentyabr oyiga qadar Afg‘onistonga 1,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Yil yakuniga qadar eksport hajmini 1,5 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Joriy yil yakuniga qadar yana 8,5 gektar maydonda qiymati 5 million dollarlik yangi fabrikani ishga tushirish mo‘ljallangan. Loyiha amalga oshgach, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi.

Prezidentimiz bunday majmualar kelgusida yirik parrandachilik xoldinglariga aylanib, nafaqat yangi, balki yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kerakligini qayd etdi, mutasaddilarga bu borada tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish