Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda
Fevral 19, 2026. 12:35 • 3 daq
• 6
Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlari 2027-yilda bo‘lib o‘tadi
Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Sadir Japarovning iltimosnomasiga ko‘ra, Konstitutsiyaning prezidentlik vakolat muddatiga oid moddalariga rasmiy izoh berdi. Taʼkidlanishicha,bir marta boshlangan prezidentlik muddati dastlab belgilangan olti yillik muddat ichida yakunlanishi kerak. Bundan tashqari, amaldagi prezidentning olti yillik muddati ikki muddatlik boshqaruvga ko‘ra birinchi muddat hisoblanadi.
Manba: Kazinform
***
Janubiy Koreya sobiq prezidenti umrbodga qamaldi
Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. U 2024 yil oxirida harbiy holat joriy etgani uchun isyon uyushtirishda aybdor deb topildi. Yun Sok Yol 2022 yil mayidan prezident lavozimida ishlagan. 2024-yil dekabrida u qisqa muddatga harbiy holat joriy etgani ortidan isyonda gumonlanib, Milliy assambleya tomonidan lavozimidan chetlatilgan. Impichment 2025 yil aprelida tasdiqlangan, u esa bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng hibsga olingan.
Manba: Yonhap
***
AQSh Eronga zarba berishga tayyor
AQSh harbiylari 21-fevral kuni Eronga zarba berishga tayyor, biroq AQSh Prezidenti Donald Tramp hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt brifingda Eronga zarba berish uchun “ko‘plab sabab va asoslar” mavjudligini, biroq diplomatiya har doim prezidentning birinchi tanlovi ekanini taʼkidlagan.
Manba: CBS News
***
Vengriya va Slovakiya Ukrainaga dizel eksportini to‘xtatdi
Vengriya va Slovakiya 18-fevral kuni Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatishini eʼlon qildi. Bunga “Drujba” quvuri orqali Rossiya nefti tranziti borasidagi kelishmovchiliklar sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Manba: Euronews
***
AQSh Suriyadan barcha qo‘shinini olib ketmoqchi
AQSh yaqin ikki oy ichida Suriyadagi 1000 nafar askarini to‘liq olib chiqishni rejalashtirmoqda. Qayd etilishicha, AQSh Suriya hukumati ustidan nazoratni kengaytirgani, ISHIDga qarshi kurashda muhim rol o‘ynagan Suriya Demokratik Kuchlari rasmiy Damashq bilan kelishuvga erishgani ortidan mamlakatdagi harbiy ishtirokini yakunlashga qaror qilgan.
Manba: Al Arabiya
***
Isroil Eron bilan urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Isroil armiyasini yuqori jangovar shay holatga keltirildi, AQShning Eronga zarba berishi ehtimoli ortmoqda. Isroilning fuqarolik mudofaasi uchun masʼul “Orqa front qo‘mondonligi” hamda barcha qutqaruv xizmatlariga urush ehtimoliga to‘liq tayyor turish topshirilgan. Ushbu choralar AQShning Eronga ehtimoliy zarbasi bilan bog‘liq bo‘lib, unda Isroil kuchlari ham ishtirok etishi mumkin.
Manba: Ynet
***
Ukraina Paralimpiada-2026ga boykot eʼlon qildi
Ukraina hokimiyati Italiyada bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarini siyosiy boykot qilishini eʼlon qildi. Bunga sabab rossiyalik va belaruslik sportchilarga ushbu o‘yinlarda o‘z davlatlarining bayroqlari ostida ishtirok etishga ruxsat berilgani bo‘lgan.
Manba: Deutsche Welle
***
Yaponiyada Sanae Takaichi qayta bosh vazir etib saylandi
Yaponiya parlamentida 18-fevral kuni hukumatining yangi rahbari uchun ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Unda hukmron Liberal-demokratik partiya raisi Sanae Takaichi qonunchilar tomonidan Yaponiyaning 105-bosh vaziri etib saylandi.
Manba: Xinhua
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
